Главная » Adiz Rajabov “San`atkorning shaxsiy hududi bo`lishi shart”
(

So`nggi paytlarda ko`plab suratga olish ishlarida band aktyor Adiz Rajabov bugun “Qichqa va lo`nda” loyihamiz mehmoni. Qisqa savollar orqali uning fe`l-atvorini bilishga harakat qildik...

Kutilayotgan yangilik.
Ayni kunlarda Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asari ustida “Diydor” teatr studiyasida ishlayapmiz. Ustozimiz rejissyor Bahodir Yo`ldoshev boshchiligida bir qator kino aktyor va aktrisalari o`zimizni teatr sahnasida sinab ko`ryapmiz. Ijodkor doim yangilikka o`ch bo`ladi. Bu spektakl ustida har kuni ishlashimiz ham o`zimiz uchun juda maroqli bo`lyapti. Spektakl noyabr oylarida premera bo`lishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “Mehmonxona”, “Saodat” kabi milliy seriallarimizda ham bandman. Tez kunlarda ishtirokimdagi ikkita yangi filmlar ham namoyish etiladi. Xullas, tinmasdan ishlayapman.

Tushkunlikka tushsam.
Depressiya barchada uchrashi mumkin bo`lgan biroz noxush holatlardan biri deb bilaman. Bu ayniqsa ijod ahlida ko`proq uchraydi. Tushkunlikka ko`p tushaman deyolmaymanu, ammo vaqti-vaqti bilan o`zim istamagan holda u meni jilovlab oladi. Bunday paytlarda birinchi o`rinda shukr qilishga harakat qilaman. Shu kungacha erishganlarim ko`z oldimdan o`tadi. Bundan ham yomon bo`lishi mumkin edi-ku, degan xayolda bo`laman. Keyin esa yaqinlarim bilan ko`proq muloqotda bo`lib vaqtimni mazmunli narsalarga sarflashga harakat qilaman. Inson bunday paytlarda pozitiv insonlar bilan gaplashishga harakat qilsa, o`zi ham ular safiga qo`shilib qoladi. Yana bir gap — bunday paytlarda inson faqat o`ziga o`zi tabib bo`lishi mumkin.

Sport.
Bolaligimda sportning milliy kurash turi bilan professional shug`ullanganman. Akam bilan boks mashg`ulotlariga ham borardik. Sport bilan band bo`lishni juda yaxshi ko`rardim. Ammo katta bo`lib, ishlar ko`paygach, bunga vaqt ajratolmay qolganman. Hozir esa, ko`pchilik qatori sport zallarida sog`lom turmush tarzini olib borishga harakat qilaman. Tosh ko`tarish, jismoniy mashqlar insonga ijobiy ta`sir qilishini o`zimda sinovdan o`tkazganman.

Mo``jiza.
Men uchun hayotimizning o`zi katta mo``jiza. Ertalab ko`zimizni ochishimizning o`zi ham bunga misol bo`la oladi. Agar inson atrofidagi mo``jizalarni his eta olsa, menimcha, mehr-muhabbat ham o`z-o`zidan kuchayib boraveradi. Aynan shu tuyg`ular orqali hayotni yorqin ranglarda ko`rishga o`rganadi.

Mish-mishlar.
Bilasizmi, shu kungacha o`zim haqimda yomon mish-mishni eshitmaganman. Bu ham mening omadim bo`lsa kerak. Chunki bugun nafaqat mashhurlar balki hammaning hayotiga doir mish-mish eshitishga o`rganib qolganmiz. Shaxsan o`zim ularga umuman befarq bo`lishga harakat qilaman. Yolg`on gaplarni eshitib kayfiyatimni buzishdan yiroqman.

Yolg`on.
To`g`ri, hamma ham yolg`onni aniqlashga harakat qiladi. Ammo ming afsuski doim ham yolg`on gapni oldindan sezib bo`lmaydi. Shu o`rinda o`zim ham doim yolg`onlarni bilib ololmayman. To`g`ri, aldanganman ham. Jahlim chiqishi ham tabiiy. Lekin menga yolg`on gapirishga nimadir majbur qilgandir, deya o`sha insonning vaziyatini tushunishga ham harakat qilaman.

Xafa qilsam.
Agar bilib-bilmay kimnidir xafa qilsam, o`sha zahoti undan uzr so`rashga, vaziyatni yumshatishga harakat qilaman. Chunki kimningdir dilini og`ritsam, o`zim behuzur bo`laman.

Yomon ko`rgan savolim...
Shaxsiy hayotim bilan bog`liq savollar berishsa, yomon ko`raman. Chunki oilam, hayotimga tegishli ma`lumotlar kimgadir foyda keltiradi yoki muxlislar uchun muhim narsa, deb o`ylamayman. San`atkorning shaxsiy hududi bo`lishi shart.
Просмотров (78)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar