Главная » Ajrim bilan oiladagi muammoni hal etib bo`ladimi!
(

Ikki yosh oilali bo`lishga qaror qilganida hech birining xayolidan qachondir ajrashib ketishi mumkinligi haqidagi fikr o`tishiga ishonish qiyin. Turmush qurish ostonasida turganlarning barchasi baxtli bo`lish istagida qadam tashlaydi.

Tahririyatimizga «turmush o`rtog`im bilan kelisholmayapman, oilam notinch, ajrashsammikan, maslahat bering» degan mazmundagi murojaatlar ko`p bo`ladi. Bugun ularni umumlashtirgan holda oilasi ajrim ostonasida turganlarga ko`zgu tutmoqchimiz. Chunki ajrim muammoning echimi emas. Psixologiya fanlari nomzodi, dosent, ruhshunos Sohibjamol JO`RAEVA bilan birgalikda oilani saqlab qolish borasida o`z tavsiyalarimizni havola etamiz. Ajrim yoqasiga kelgan oilalar o`zlariga kerakli maslahatni topa olishlariga ishonamiz.

Erkaklar ajrashuvga nimalarni sabab deb biladi?

«Rafiqam menga tamoman bee`tibor. Xuddi hayotida mening o`rnim yo`qdek. Men bunga ko`nolmayman».
«Nozik masala»da juda no`noq, go`yoki bu faqat menga kerakdek munosabatda bo`lishi jahlimni chiqaradi. O`rtada mehr bo`lmasa, birga yashashdan nima foyda?»».
«Oila a`zolarim bilan umuman chiqisholmaydi. Bo`lar-bo`lmasga talashib-tortishaveradi. Janjalni o`zi boshlab, keyin «yonimni olmadingiz» deb menga jahl qiladi. Ota-onamni hurmat qilmay qo`ygani sabrimni tugatdi».
«Telefonda ko`p gaplashishi, internetda tinimsiz o`tirishi rashkimni keltiradi. Tanishlarimdan u haqda har xil gaplarni eshityapman. Biron erkak bilan gaplashyapti deb gumon qilyapman».
«Yolg`on ko`p gapiradi, qachon qarama, uyimizdagi muammoni onasi va boshqa oila a`zolari bilan muhokama qiladi. Natijada onasi faqat oilamiz ishlariga aralashaverishi jonimga tegdi».
«Tergovchidan farqi yo`q. Har bir qadamimni nazorat qilishga harakat qiladi. Pul bering deya har ikki kunning birida diydiyo qilishidan to`ydim».
«Ishlayman deb oyoq tirab turib olgan. Men esa buni aslo istamayman. Uyni, bolalarni ta`minlab qo`yganman. Boriga shukr qilib yashashni o`rgansa bo`lardi».
«Pazanda, qo`li gul, orasta ayolim ro`zg`ordagi hamma ishlarni qilishga vaqt topadi. Menga bir og`iz shirin so`z yoki mehr berishga kelganda charchagan, kayfiyatsiz bo`ladi.
Ruhshunos maslahati: shuni bilingki, sizning orzularingizdan ayolingizniki ham qolishmaydi. Aybni birovga ag`darish qanchalik oson bo`lmasin, qars ikki qo`ldan chiqishini unutmang. Ayolingiz xato ish qilsa yoki uning harakatlari sizga yoqmasa, jahl otiga minmasdan, sekin-asta tushuntiring. Ishdan qaytishingizga sevimli taomingiz va shirinliklarni tayyorlab qo`yadigan yoringiz nahotki shu gaplarni qabul qilmaydi deb o`ylasangiz? «Ichimdagini top» o`yinini o`ynashga biroz kattalik qilasiz. Biron nimani talab qilishdan avval ayolingizga o`rnak bo`ling. Ajrashsangiz, hayotingiz bundan-da yaxshi bo`lishiga kim kafolat beradi?

Ayol nega ajrashmoqchi bo`ladi?

«Erim o`zini butunlay ishiga bag`ishlagan. Menga butkul e`tiborsiz. Divanga yonboshlab, televizor ko`rishdan ortmaydi. Stadionda futbol ko`rishga cho`ntagidagi oxirgi pulini ham sarflaydi. Uyda nima bor, nima yo`qligi bilan esa ishi yo`q. Uning uchun borim ham, yo`g`im ham bilinmasa, nima qilaman birga yashab?»
«Faqat o`zining gapi, fikrini ma`qullaydi. Uning nazarida, ayolning gapini tinglasa, xotiniga bo`ysunadigan erkakka aylanarmish. Unday qilaylik, bunday qilaylik deb fikrimni aytsam, «tiling chiqib qoldimi» deb janjalni boshlab yuboradi. Janjallardan charchadim.
«Ro`zg`or yoki farzandlarimiz bilan bog`liq hamma masalalarni ota-onasi yoki aka-ukalari bilan hal etadi. Mening fikrim bilan qiziqish hech kimning esiga kelmaydi. Uy ishlari uchungina kerak bo`lsam, meni qiynamay, xizmatkor olsin».
«Xiyonat qilib, mening, farzandlarimning yuziga oyoq qo`yishidan, bo`lar-bo`lmasga rashk qilaverishidan to`ydim».
«Erimning oila a`zolari qildan qiyiq axtarib, meni kamsitaverishadi. Turmush o`rtog`imdan esa bu vaqtda yordam kutish befoyda. Chunki onasining chizgan chizig`idan chiqmaydi».
Ruhshunos maslahati: — Erkaklar bilan ayollarning ruhiy olami bir-biridan farq qilishini unutmang. Eringizning ko`ngliga yo`l topish uchun orasta bo`ling. Oiladagi ahillik ko`p jihatdan ayolga bog`liq, shuning uchun o`z noroziligingizni oshkora namoyish qilmang. Shirin so`z va chiroyingiz bilan qaysar, dangasa eringizni yo`lga sola olasiz. Avvalo o`zingizga e`tiborli bo`ling. Er xotinining uy ishlari, kelinlik xizmatini oddiy yumush deb baholaydi. Bu ishlaringizga ahamiyat bermasa, behuda ranjimang. Ajrashib, eringizdan yaxshiroq insonni topishingizga ishonchingiz komilmi? O`sha inson sizga yaxshi er bo`lar balki, lekin farzandlaringiz uchun otasidan yaxshi bo`lolmasligi aniq.

Qaynonaning pozisiyasi

«Atrofimda girdikapalak bo`lib, yuzidan tabassum arimaydigan, qo`li olti, oyog`i etti bo`lib yugurib-eladigan kelin ko`rishga haqqim bor axir! Aqlli, esli-hushli, ishbilarmon o`g`ilni katta qilganimdan keyin shunga yarasha rohat ko`rishni istashim aybmi?»
«Bir ishni eplab qilolmaydi. Ro`zg`orda hamma narsani tejash kerakligini bilmaydi. Uquvsizligidan uyimdan baraka qochdi».
«Tilini tiyolmaydi. Gap qaytarishda mening kelinimga etadigani bo`lmasa kerak».
«Ovsini va qaynisinglisi bilan chiqishmaydi. Avvaliga ularning o`zi kelishib olar, degandim. Men indamaganim sari kelinim avjiga chiqa boshladi».
«Onasiga oilamizdagi gaplarni tashiyveradi. Natijada onasining ishtirokida uyda kunda janjal...»
Ruhshunos maslahati: — Uyingizga o`zga muhitda katta bo`lgan inson keldi, uning xatti-harakatlarini qabul qilishga hanuz qiynalyapsiz. Kelinni oila a`zosiga aylantirish avvalo sizning qo`lingizda. Yaxshi muomalangiz siz kutgan natijani albatta beradi. Keliningiz uy-joyini, ota-onasi, yaqinlari va o`zi o`rgangan sharoitni tashlab kelgan. Yangi sharoit, uy va turli fe`l-atvorli oila a`zolariga ko`nikish oson emas. O`zingizning kelinlik davringizni eslang. Sizdagi tajriba va bilim o`z-o`zidan paydo bo`lmagan. Yoshligingizdagi qiyinchiliklarning alamini kelindan olmang. Kelinning uy yumushlarida no`noqligi bir oilani barbod qilish uchun etarli sabab emasligini unutmang.

Kelinning onasining pozisiyasi

«Oq yuvib, oq tarab, asrab-avaylab katta qilgan qizimni o`qitib, hunarli qilib, o`zga xonadonga uzatdim. Ertadan kechgacha tinmay qaynona-qaynotasiga xizmat qiladi, katta oilani eplaydi. Lekin uyidagilari qizimdan norozi bo`laverishi meni ruhan charchatdi».
«Qo`lida gulday hunari bo`lsa ham, eri ishlashiga qarshi. Biz qizimni emay-ichmay kontraktda o`qitsak-u, birgina erining rashki yoki qaynonasining qaysarligi uchun uyida so`lib o`tirishi yaxshimi?»
«Bechora qizim o`sha uyda ikki bolali bo`ldi, lekin hali egni tayinli kiyim, qo`li pul ko`rmadi. Ayt desangiz, gapiradigan gapim ko`p. Qiz tuqqanning tili qisiq bo`ladi deyishganicha bor ekan».
Ruhshunos maslahati: — Qizingiz endi o`zga oila a`zosi. U oilada sizning ishtirokingiz qanchalik kam bo`lsa, uning hayoti tinchroq bo`ladi. Qaynona uchun kelinning pazanda, xushmuomala va chaqqon bo`lishi majburiyat hisoblanadi. Siz ham kuyovingizni hunarli, o`qimishli, toparmon-tutarmonligi uchun maqtamaganingizdek, qizingizni ham qaynonasi qilgan ishlari uchun alqashini kutmagan ma`qul. O`y-fikrlaringiz bilan uyingizga oyda bir yo ikki marta keladigan qizingizni zaharlamang. Muammolari bilan o`zi kurashishiga tashlab qo`ying demaymiz, lekin o`sha muammolar kelib chiqishiga sababni ham topib bermang.

Ajrashuvdan keyingi hayot

Statistik ma`lumotlarga ko`ra, ajrashgan juftliklar aksariyat hollarda qaytadan oila qurishga harakat qilishadi. Bunga imkoniyati bo`lmagan erkaklar o`zini ovutish uchun ichkilikka ruju qo`yar, ayollar esa surunkali tushkunlik, yig`ini odatga aylantirar ekan.

— Hozirgi aqlim bir yil avval bo`lganida... erim bilan ajrashmasdim. Farzandim uchun ham hammasiga chidashim kerak edi. «Yolg`iz ayolning yozig`i qursin» degan gap rost ekan. Ko`chadan o`tgan har qanday erkak ham etagingga osilib ko`rishga harakat qilishi alam qilarkan...

Adolat, Jizzax viloyati

— Birinchi xotinim bilan muomalasi qo`pol, e`tiborsiz deya ajrashgandim. O`shanda 3 yoshli qizim ham ko`zimga ko`rinmagandi. Yomonni ko`rmaguncha yaxshining qadriga etmas ekansiz. Ikkinchi xotinimni nima deb ta`riflashni bilmayman. Lekin chidashga majburman, chunki undan ikki farzandim bor.

Qudrat, Samarqand viloyati

— Farishtamisol kelinimning qadriga etmagan ekanman. Afsuski, buni endi tushundim. Aytgan hamma ishimni indamaygina qilardi. Kichik bir xatosi uchun ham qattiq urishsam erdan ko`z uzmasdi. Men esa buni bezlikka, pismiqlikka yo`ygandim. Onasi o`pmagan deb olgan ikkinchi kelinim esa boshim yostiqqa tekkanida bir piyola suvga zor qilyapti.

Fazilat, Namangan shahri

— Erkatoy qizimning hayoti yaxshi bo`lsin deb, bir marta jerkib bergan kuyovimdan ajratib olib keldim. Uyimga qaytib kelgan qizim va ikki nabiramni so`lib borayotganini ko`rib xato qilmadimmi deb o`ylayman. Er-xotinning orasiga tushgan men ahmoq.

Mamlakat, Toshkent shahri

— Hammasi go`yoki yaxshiday. Erimni ishxonasidagi ayollardan rashk qilishim ajrim bilan tugadi. Bir qiz va o`g`limni o`zim bilan olib qoldim. Ikkinchi marta turmushga chiqdim. Erim farzandlarimni ajratmaydi, otalik qiladi. Lekin o`z otasi bilan uchrashib qaytib kelishganida ancha vaqtgacha parishon yurishadi. Ota mehridan ayirganim uchun o`zimni aybdor his qilaman.

Nigora, Buxoro viloyati



Aybdorlarni izlashdan avval o`zingizga bir razm soling. Xato faqatgina bir insondan o`tadi, degan fikr noto`g`ri, o`zingizdan o`tgani sizga sezilmagandir balki? Aybni anglash, to`g`irlash bilan hayotingizda ularni takrorlamaslikka immunitet hosil qilasiz. Bir narsa aniq, ajrim bilan oiladagi muammoni hal etib bo`lmaydi! Farzandlarning kelajagi kattalarning xudbinligi evaziga zarar ko`rmasligi lozim.
Просмотров (323)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar