Главная » Bahrom Nazarov: “‘Ayrildim’ni boshqa san`atkorlarga tavsiya qilib ko`rganman”
(

Bugungi suhbatdoshimiz omadi kelishini bir necha yillar kutgan, kelishidan umid uzganida esa deyarli har bir taronasi xitga aylanayotgan xonanda Bahrom Nazarov. Xonanda bilan uchrashuvimiz juda samimiy ruhda kechdi. Suhbat siz uchun ham maroqli bo`ladi degan umiddamiz.

– Ijodingiz boshidan kuzatib kelaman, “Ayrildim” taronangiz chiqqanidayoq kelajagi porloq san`atkor ekanligingizga ko`zim etgandi. O`zingiz-chi, aynan shu tarona sizga omad keltirishini bilganmisiz?

– Bu juda ko`p san`atkorlarning tajribasida kuzatilgan holatlardan biri. Odatda mehr berib, ko`p vaqt ajratib yaratgan taronangiz ijodingizda hech qanday ahamiyatga ega bo`lmaydi-yu, lekin bir chetda yotgan qo`shiq omad olib keladi. Men hali bastakorlik qilib yurgan kezlarimda shu qo`shiqni boshqa san`atkorlarga tavsiya qilib ko`rganman...Ochig`i, aynan “Ayrildim” menga omad olib kelishini kutmaganman.

– Tanilayotgan taronalaringizning egasi chiqyapti...

– Gap “Pari-pari” taronam haqida ketayotgan bo`lsa, hali hech kim mana bu qo`shiqni o`g`rilabsan deb, uni eshitmay qo`ygani yo`q. Bu narsalarga e`tibor bermayman.

– Uzoq vaqt muxlis qalbida saqlanib qolish uchun nima qilish kerak, deb o`ylaysiz?

– Tinimsiz mehnat qilish kerak, ijod, izlanish, yangilik yaratish kerak.

– Bizga ma`lumki, asli kasbingiz temiryo`lchi, ko`pchilik orzu qiladigan bu sohadan ketganingizdan afsus chekmaysizmi?

– 10 yil ishladim, keyin san`at bilan bo`lib, vaqt ajratolmay qoldim. Lekin bir kun yaxshi ko`rgan kasbimga qaytaman.

– Ozodbek Nazarbekovning konsert dasturiga tashrif buyurganimda bir holatning guvohi bo`ldim. Zaldagi joyingizga birov kelib o`tirganini ko`rsangizda, uni turg`izmadingiz, aksincha chiptangizni tashlab sahna ortiga o`tib ketdingiz...

– Tabiatan ko`ngilchan insonman. Jahlimni chiqarish juda mushkul, chiqsa ham besh daqiqadan keyin yodimdan ko`tariladi.

– Oilada ham shundaymi?

– Oilamga qattiqqo`l bo`lishga vaqtim ham bo`lmaydi (kuladi). Oilada ham xuddi shunday ko`ngilchan insonman.

– Oilangizga kam vaqt ajratasizmi?

– Vaqtim bo`lishi bilan oilam bilan bo`lishga harakat qilaman. Farzandlarim tarbiyasini asosan ayolimga ishonaman. Asosiy vaqti onasi bilan bo`lgani sababli farzandlarimni rafiqam orqali nazorat qilaman.

– Kuylayotgan taronalaringizning deyarli har biri o`z muxlisini topyapti, bunga hamkasblaringiz qanday munosabat bildirishadi?

– Meni avval ham tanigan san`atkorlar to`y-hashamlarda ko`rib qolishsa, “bir amallab chiqding-a” deb hazillashib qo`yishadi. Yigit kishining ishida samara bo`lsin ekan...

– Konsertingizga oz qoldi, jonli ijroda kuylash istagi bo`lmadimi?

– Albatta, bu yilgi konsertimda jonli ijro ham bo`ladi. Lekin konsert to`liq jonli ijroda bo`lishi uchun san`atkordan juda katta tajriba talab etiladi. Kelasi konsertlarimda to`liq jonli ijroda kuylashni niyat qilganman.

– Vaqt haqida o`ylaganingizda ko`nglingizdan qanday kechinmalar o`tadi?

– Ko`p narsalarga ulgurmayotgandekman... Omad menga 30 yoshimda kelgan. Ungacha amal-taqal qilib ro`zg`or tebratib yurgan yigit edim. Aynan ana shu hayot barcha uchun o`tkinchiligini doim anglaganim sababli muxlislarning olqish va e`tiboridan o`zimni yo`qotib qo`ymayman, shunchaki xursand bo`laman. Ertaga o`rniga kimdir kelishini anglab etgan inson vaqt qadriga etadi, havolanib ketmaydi. Men uchun barchasi o`z vaqtida berilgan, hatto omad ham. Barchasiga qo`l siltab ketmoqchi bo`lganimda, meni to`xtatishgan. Shu sabab hamma narsaning o`z vaqt-soati bor, faqat sabr bilan kutish kerak deb hisoblayman.

– Orzularingiz...

– Farzandlarni komil inson qilib, chiroyli hayot kechirish. Otam doim menga qilganlaring farzandingdan qaytsin, der edilar. Shu sabab yaxshi farzand bo`lishga harakat qilaman. San`atda esa o`zimdan iz qoldirishni orzu qilaman.

– Barcha orzularingizga etishishingizga tilakdoshmiz.

— Rahmat.

Ma`lumot uchun:
Bahrom Nazarovning ikki farzandi: Ozodbek ismli o`g`li hamda Zehina ismli qizi bor.
Laylo RUSTAMOVA suhbatlashdi
Просмотров (75)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar