Главная » Bir yilda ikki marta uylanish?! Turmush o`yin emas, erkaklar!
(

Tahririyatga an`anaviy savol bilan murojaat bo`ldi: «Qonuniy nikohimiz yo`q, 4 oy yashab homilador paytimda ajrashganman. Hozir 1 yosh o`g`lim bor. Mening aliment borasida biror huquqim bormi?»

Murojaat egasining huquqiy savoliga javob berdik-da, masalaning qo`shimcha tafsilotlarini tahlil qilishga kirishdik. Zero, voqea qahramonlarining xatolarini boshqalar takrorlashmasin. 25 yoshli qiz 2015 yilning boshida turmushga chiqqan. Qaynopasi bilan qo`shni bo`lib yashashgan, u esa yangi oila hayotiga aralashavergan. Qaynota-qaynona bilan kichik muddatda til topisha olmagan kelinchak janjalning qahramoni bo`lib qolavergan. Bir kuni eri uyida yo`qligida kelin va oila a`zolari o`rtasida nizo kelib chiqqan. Kelinning otasi kelgan, bo`lgan-bo`lmagan gaplar bilan kuyovning ustiga mag`zava ag`darishgan. O`g`il ishdan qaytgach, qaynota-qaynona «Yo xotiningni deysan, yo bizni», deb shart qo`yishgan. Eri esa boshini quyi solgancha faqat ota-onasi tomon bo`lgan, ulardan uzr so`ragan, xotinining yonini olmagan... Kelin «Qadrimni bir pul qildi», deb arazlab uyiga ketgan va ersiz qolgan. Chunki yil boshida uylangan yigit, yil oxirida ham o`zini boshini ochiq hisoblab, to`y qilgan. Bu safar esa nikoh rasmiylashtirilgan. Bu orada birinchi xotini o`g`il tuqqan, yigit ota-onasidan yashirincha farzandini bir-ikki ko`rib ketgan. Ammo haligacha ikkinchi xotini xomilador bo`lolmayapti. Sobiq er «Sen bilan yarashaman, bunisi bilan ajrashaman», deb birinchisini umidvor qilib turadi. Kelin «Gapingizga ishonmayman», deb urushib bersa, yana yo`qolib ketadi. Kelinning niyati yarashish emas, u huquqlarini tiklamoqchi...

Judayam ko`p uchraydigan holat, shunday emasmi? Voqeani ezg`ilab hikoya qilib, behissiyot yozganimiz sababi shu kabi an`anaviy ajrimlarda hammaning aybi ochiq ko`rinsin, degan maqsadimiz bor. Albatta, bu gaplar kelin tomonning qarashi, er tomonda esa yana bu vaziyatga 99 xil fikr, mingta bahona bo`lishi turgan gap. 4 oy ichida turmush o`rtog`idan katta sadoqat talab qilib, biroz shoshilgan, sabr qilmagan kelinchak aslida ko`p narsani boy berganini ich-ichidan tan olishiga hech shubhamiz yo`q. Biroq, kelinlarni muhokama qilmoqchi emasmiz. Shundoq ham «Ayollarga sabr qiling, o`zingizning aybingiz ko`p», degan mazmunda yozgan maqolalarimizni har sondan topish mumkin. Bu safar “oilaning boshi” degan nomi bor-u, biroq bu vakolatini hadeb uylanaverish, oilani va uning ortidan muammolarni ko`paytiraverishga sarflaydigan ERlar haqida gaplashamiz.

HURMATLI ERKAK, uylanayotganda inson faqat moddiy emas, ma`naviy jihatdan ham etuk bo`lishi kerak, bu zerikarli gap emas, ma`naviy etuk inson deganda, eng yaxshi fazilatlarga ega bo`lish bilan birga, hayotni, dunyoni, odamlarni o`rganishdan to`xtamaydigan, mustaqil fikr va irodali, iymoni butun, ochiq fikrli, yaxshi gumonli inson nazarda tutiladi. Sizga bir savol, siz o`zingiz jufti halol deb tanlayotgan insoningizni qanchalik yaxshi bilasiz? To`g`ri, bu qaltis savol, chunki odam birga yashab ko`rmaguncha kimning kimligini bilishi qiyin. Unda osonroq savol: har holda onangiz yoki opangizning qanday inson ekanligini, ularning ko`ngliga yo`l topish uchun nimalar qilish kerakligini boshqalardan yaxshiroq bilarsiz? Nega o`sha bilganlaringizni sizga umrini bag`ishlash uchun uyingizga kelgan ayolga sekingina shipshitib qo`ymaysiz? Nega oilangiz ayollari sizni “shantaj” qilishlariga, sizdan foydalanib, o`zlariga qulay, biroq sizga noqulay vaziyatlarni yaratishlariga yo`l qo`yasiz? Sizni baxtli qilmoqchi bo`lgan odamlar kimlar: ayolingiz, ota-onangiz, opa-singillaringiz, qisqacha aytganda, ular dushmaningiz emas. Unda nega ularga haqiqiy his-tuyg`ularingizni ochiq aytmaysiz? «Men sizni yaxshi ko`raman, uni ham yaxshi ko`raman, agar ikkingiz ham meni yaxshi ko`rsangizlar, o`zaro kelishinglar», deyolmaysiz, nega? Bilasizmi, endi sizning kasringizga, aniqrog`i, beqarorlik, ikkilanishlar va irodasizligingiz evaziga bir uy ayol o`zini baxti bekam hisoblab yashaydi. Yana etmaganiga xato ustiga xato qilgansiz! Hatto tikuvchi bitta ko`ylak tikayotganda etti o`lchab, etti kesadi, siz esa o`ylab ham o`tirmagansiz: bir yilda ikki marta uylanish! Qoyil-ey! Sizning mustaqil qaror qabul qila olmay lallayganingiz evaziga bugun uch ayolning boshida uch xil xayol.

1. SOBIQ AYoLINGIZ. Endi uning turmushga chiqqib, ajrashgan degan nomi bor. Buning ustiga, otasiz farzand o`stirayapti, nikohingiz rasmiy bo`lmasa-da, ularning oldida hamisha moddiy va ma`naviy qarzingiz bor. Unga alam qiladi, er bermoq — jon bermoq. Lekin u ko`p marta aldangan, chunki bolasining otasi beqaror. Har holda ayol murakkab o`yin qilmoqchi emas, u o`ziga har qancha qiyin bo`lmasin, hamma o`z yo`lidan ketishining tarafdori.

2. ONANGIZ. U sizni baxtli qilmoqchi edi. Lekin jahl chiqqanda, aqli ketadi, degan naql u kishiga ham yot emas. Uning fikrini o`zgartirishingiz, ayollarni kelishtirishingiz mumkin edi, hech bo`lmaganda qat`iyatingiz, qoshingizni uyub qo`yishingiz bilan ayollarning ovozini pasaytira olardingiz, siz erindingiz, laqmalik qildingiz. Onangiz sizni tushkun holatdan chiqarish uchunmi, yoki avvalgi qudalariga zarba berish maqsadidami, shartta uylantirdi. Endi esa dardi ichida. O`g`li hardamxayol, homilador kelinini haydab soldi, bu kelini esa tug`mayapti, bolasining bolasini ko`rolmay armonda. Xato qildimmikan, degan qalb og`rig`i ham bo`lsa ajabmas.

3. YaNGI XOTININGIZ. Ko`pincha ajrashgan yigitga turmushga chiqayotgan qiz o`zidagi biror muammo (yoshi kattalashib borayotgani, sog`ligi, oilaviy muammolari, moddiy holati) evaziga to`yga rozilik beradi. Sizning holatingizda qanday bilmadik-u, lekin ikkinchi turmushning mas`uliyati va muammolari o`ziga xos ekanligi aniq. Ikkinchi doimo erining birinchisiga ketib qolishidan xavotirda yashaydi. Ayniqsa, birinchining farzandi bo`lsa, u doim go`yo stolning yarmida o`tirgan odam kabi tushib ketadigandek, suyanchiq — erni mahkam ushlashga urinadi. Janjal va nizolar, solishtirish va taqqoslashlar mana shundan kelib chiqadi.





UCh O`RTADA YaNA O`ZINGIZGA QIYIN. Xudo ko`rsatmasin-u, bu juftingiz bilan hecham farzandli bo`lolmasangiz, yana xotin almashtirasizmi? Aslida, esa hamma vaziyatga o`rtacha echim topish mumkin.

Qani endi, hamma ham ikkinchi turmushdan baxtini topib ketsaydi... Bas shunday ekan, hurmatli erkaklar, kimlarningdir tazyiqi ostida ajrashishdan avval o`zingiz nimani istashingizni aniqlab oling, vaziyatga hushyor va ochiq ko`z bilan qarashni o`rganing. Qachongacha boshi ochilmagan ayollaru to`laqonli otasi yo`q bolalar bir erkakning yo`liga qarab o`tiraveradi? Erkakning doimo o`z mustaqil qarori va hammaga maqbul keladigan fikri bo`lishi kerak. Oila o`yinchoq emas, erkak ham o`yinchoq o`ynaydigan yosh bola emas, xotinni hadeb qo`yguncha, aqlni vaqtida yig`ib olgan ma`qul!
Просмотров (236)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar