Главная » “Comedy.uz” tarqalib ketganini rad etgan jamoa rahbari o‘zi yakka konsert bermoqchi
(

“Comedy.uz” kulgu jamoasi rezidentlari alohida faoliyat yuritayotgani bois jamoa tarqalib ketdimi, degan gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Bunga oydinlik kiritish maqsadida jurnalist Feruz Muhammad “Comedy.uz” rahbari Abror Baxtiyorovich bilan suhbatlashdi.

— “Comedy.uz” rezidentlarining har biri alohida ijod qilmoqda. Jamoa tarqalib ketdimi?
— Jamoamizga yangi ishtirokchilar qo‘shilib, boshqalarining ketishi avval ham bo‘lgan, biroq jamoa hech qachon tarqab ketmagan. “Comedy.uz”ning ayrim rezidentlari alohida harakat qilayotgani rost, biroq bu jamoa tarqab ketdi, degani emas. Shunchaki hozircha bir jamoa bo‘lib konsert berishga vaqt bo‘lmayapti, xolos.

— “Comedy.uz” ham “Million”, “Dizayn” jamoalari singari QVZdan chiqqan, ammo nima uchun ular kabi ommalashib, deylik, “Istiqlol” san’at saroyida qayta va qayta ko‘p kunlik konsertlar bermadi?
— Jamoamiz qanchalik mashhur bo‘lgan yoki bo‘lmagani haqida siz ham, men ham aniq bir gap ayta olmaymiz. Buni muxlislar hal qiladi. Aytishim mumkinki, “Istiqlol” da 2013-yili bir marta konsert berganimizdan so‘ng, talablar ko‘p bo‘lgani uchun o‘sha yili ikkinchi konsertni ham berganmiz. Bu yetarlicha yaxshi ommalashganimizdan darak bo‘lsa kerak, menimcha. Keyinchalik “Istiqlol”da konsert bermaganimizning ikkita sababi bor: birinchisi, vaqt yetishmovchiligi, ikkinchisi esa “Istiqlol”da konsert dasturlarini uyushtirayotganlar bizga ko‘p taklif bilan chiqadi; to‘g‘risi, o‘zimiz konsert tashkil qilganimizdan ko‘ra boshqalarning konsertida ishtirok etishimiz bizga ko‘proq daromad keltiradi.

— “Zarafshon” konsert zalida ilk yakkaxon dasturingizni taqdim etishni rejalashtirayotgan ekansiz. Konsentda “Comedy.uz” boshqa rezidentlari qatnashmaydimi?
— “Comedy.uz” rezidentlarining barchasi o‘sha yerda bo‘ladi. Faqat bu safar ular ishtirokchi emas, balki mehmon sifatida qatnashishadi. Ular bilan har doim hamfikr, do‘stmiz. Hammamiz bir oiladek bo‘lib ketganmiz. Rezidentlar bilan shunchalik ahilmizki, yaxshi-yomon kunlarimiz bir-birimizsiz o‘tmaydi.

— Adashmasam, siz “Comedy.uz”da asosan boshlovchilik qilardingiz, faqat ayrim sahna ko‘rinishlarda qatnashardingiz. Yakkaxon dasturingizda muxlislar sizni ochilmagan qanday qirrangizni ko‘rishi mumkin?
— Haqiqatan ham “Comedy.uz” sahnasida boshlovchi bo‘lib, har yangi nomerni e’lon qilib borardim. “Comedy.uz” faoliyatida jamoaning rahbari, boshlovchisi, prodyuseri, to‘ylar bo‘yicha administratori, piarmeni, xullas barcha tashkiliy ishlarni o‘zim bajarganim sababli, tashkilotchilikdan ortib, sahnada rol o‘ynashga imkon har doim ham bo‘lavermagan. O‘tgan 5—6 yildan beri ko‘p g‘oyalarim, sahna ko‘rinishlarim qog‘ozda yozilganicha yotgan edi. Barcha g‘oyalarimni to‘plasam, kamida 5—6 ta yakkaxon konsert dasturi uyushtirishga yetgulik ekan. Shuning uchun dastlab “Zarafshon”da 12-noyabr kuni konsert berishni niyat qildim. Umid qilamanki, dasturda mehmon bo‘lgan tomoshabinlar ketgan ikki soat vaqtiga achinmaydi.
Просмотров (58)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar