Главная » Futbol-TV” telekanali mart oyidan faoliyatini boshlaydi
(

UzReport qoshida “Futbol-TV” telekanali ochilishi mumkinligi ma’lum qilingandi. Buni telekanalning rasmiy sayti rasman tasdiqladi.
Yurtimizdagi millionlab futbol muxlislarining talab va istaklarini inobatga olib hamda ularning futbolga bo‘lgan katta qiziqishlaridan kelib chiqqan holda UzReport futbolga ixtisoslashgan yangi — “Futbol-TV” telekanalini tashkil etdi, deb yozilgan telekanal xabarida. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishida “Futbol-TV” telekanaliga litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

UzReport telekanali Yevropa Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi, Angliya Premyer-ligasi va Ispaniya La ligasi o‘yinlarini O‘zbekistonda translyatsiya qilishning eksklyuziv huquqini xarid qilgandi. “Futbol-TV” ishga tushganidan so‘ng UzReport’da futbol o‘yinlari translyatsiyasi to‘xtab qolmaydi. Turli chempionatlarda bir vaqtda boshlanadigan qiziqarli uchrashuvlardan biri faqatgina futbolga ixtisoslashgan telekanalda namoyish etilsa, ikkinchi o‘yin UzReport’da parallel — jonli efirda ko‘rsatiladi. Keyinroq o‘sha bellashuvlar “Futbol-TV”da takroran namoyish qilinadi.

Telekanalda futbolga oid turli qiziqarli ko‘rsatuvlarni efirga uzatib borish ham ko‘zda tutilgan.

Hozirda “Futbol-TV” telekanalining litsenziyasini rasmiylashtirish, texnik va tashkiliy ishlar doirasidagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. UzReport telekanali jamoasi yumushlar yakuniga yetishi bilan “Futbol-TV”ni ishga tushiradi va siz aziz futbol ishqibozlariga millionlar o‘yinidan yanada ko‘proq bahra olish imkoniyatini taqdim etadi, deb xabarga yakun yasalgan.

Ma’lumot uchun, “Futbol-TV” butun O‘zbekiston bo‘ylab namoyish etiladi. Uning faoliyati shu yilning mart oyida boshlanishi rejalashtirilgan.
Просмотров (2029)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar