Главная » Hasanboy Do`smatovga “Yilning eng yaxshi bokschisi” sovrini topshirildi
(

XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarining oltin medal sohibi Hasanboy Do`smatov Xalqaro havaskor bokschilar assosiasiyasi (AIBA) tomonidan “Yilning eng yaxshi bokschisi” sovrini bilan taqdirlandi.

2016 yilgi sport mavsumi bokschilarimiz uchun g`alabalarga boy bo`ldi. Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o`tkazilgan XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarida bokschilarimizning tajriba va mahoratiga dunyo tan berdi. Ular mazkur nufuzli musobaqada 3 oltin, 2 kumush, 2 bronza medalni qo`lga kiritdi.

Vazni 49 kilogrammgacha bo`lgan charm qo`lqop ustalari o`rtasidagi bellashuvlarda Hasanboy Do`smatov O`zbekiston sport delegasiyasi hisobiga dastlabki oltin medalni keltirgan edi. U o`zbek bokschilari orasida birinchi bo`lib, Olimpiadaning eng yaxshi bokschisi sifatida Vel Barker kubogi bilan taqdirlandi, deya xabar beradi O`zA.

Yaqinda Xalqaro havaskor bokschilar assosiasiyasi tomonidan yilning eng yaxshi bokschisini aniqlash maqsadida o`tkazilgan so`rovnomada o`zbek o`g`loni Hasanboy Do`smatov eng ko`p ovoz to`plab, kubalik Robeysi Ramires va qozog`istonlik Doniyor Eleusinovni katta farq bilan ortda qoldirdi.

Shveysariyaning Lozanna shahrida Xalqaro havaskor bokschilar assosiasiyasi Ijroiya qo`mitasi yig`ilishi va AIBAning 70 yilligi munosabati bilan bo`lib o`tgan tantanali marosimda Hasanboy Do`smatovga 2016 yil yakunlariga ko`ra, “Yilning eng yaxshi bokschisi” sovrini topshirildi.
Просмотров (141)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar