Главная » “Iffatimni saqlay olmaganimga buvim aybdor”
(

Yaqinda 17ga kiraman. Tibbiyot kollejining birinchi bosqichini tamomlayapman. Bir yil avval amakim bizning hovlimizni sotib, o`rniga o`zi uchun boshqa uy oldi. Shuning uchun buvimnikiga ko`chib o`tishga majbur bo`ldik. O`shandan buyon boshimiz muammodan chiqmaydi. Biz buvimlarga, ular ham bizga o`rganolmay qiynaldik. Nimaga u kishi o`z nabirasini bunchalik yomon ko`rishini hech tushunolmayman. Dadamga «Qizing yigitlar bilan «yuradi», juda ochiq kiyinadi» deb yomonlagach dadam birinchi marta menga qo`l ko`tardi. Bir oylardan keyin ammamlarnikiga yig`inga bordik. Dasturxonlarni yig`ishtirayotgandik ammam bizni hammaning oldida o`g`riga chiqarib, izza qildi. Ertasi kuni o`qishdan kelsam, onam uyda yo`q. Surishtirsam buvim onamni buzuqqa chiqarib, rosa do`pposlatib, otasining uyiga jo`natib yuboribdi. O`shanda chidab turolmay u kishiga qattiq gapirdim va ukamni olib, onamning oldiga tashlab keldim. Kelsam uydan pul yo`qolganini aytishdi. Tabiiyki, bunga men aybdor edim... Yana o`sha ahvol, dadam meni urdi, yig`ladim. Ko`nglimdan nimalar kechganini ta`riflab berolmayman. Endi bu uyga qadam bosmayman degan qat`i qaror bilan anhorga bordim. Suv bo`yida o`tirib biroz tinchlandim. Shu payt yonimga bir yigit keldi. U bilan tanishdik. Birga aylandik, suhbatlashdik, kinoga tushdik. O`sha paytda hayolimdan dunyoda yaxshi insonlar ham bor ekanu degan fikrlar o`tardi. Soat 22:00 bo`ldi hamki uyga borish haqida o`ylamasdim. U ishlaydigan tashkilot shu yaqin atrofda ekan, ish joyini menga ko`rsatish uchun olib bordi. Xullas tunni o`sha yigit bilan o`tkazdim. Ertalab esa hech narsa bo`lmagandek, chiqarib yubordi. Bo`lib o`tgan voqeani onamga aytgandim, darhol shifokorga etakladi. Aksiga olib shifokor ammamning tanishi ekan, bu gaplar oxir oqibat dadamning qulog`iga etib bordi. Otam «O`zini o`ldirsin, meni bunday qizim yo`q» debdi. Onam va ammam o`sha yigitning ish joyiga borishdi, biroq u tan olmadi. Endi buvim har kuni qilgan xatomni yuzimga solib, meni qiynayapti. Dadam esa gaplashmayapti. Nima qilishni bilmay qoldim. hayolimda xuddi hamma qo`lini bigiz qilib meni ko`rsatayotgandek tuyulaveradi.

Ismi sir tutildi.

Qaynonajon: — Afsus, ming bora afsus. Oiladagi ko`ngilsizliklar to`lqini sizni umidsizlik, baxtsizlik qirg`og`iga chiqarib tashlabdi. Kimning oilasida har kuni bayram ekan, o`ylab ko`rdingizmi? Hammada o`ziga yarasha muammolar, tashvishlar, tushunmovchiliklar bor. Buvijonning xavotirlarida ham jon bor ekan-da aslida. Nahot bilmagan, tanimagan begona erkakka ishonib ketaverasiz. Eh, nodongina qiz-a... Bu sharmandalikni otangiz ko`tarishi qiyin-da, bolajonim. Biroq bo`lgan ish bo`ldi, endi to`g`ri yo`lni tanlash kerak. Shu o`rinda kattalarga aytadigan ikki og`iz so`zim bor. hayot tashvishlarida sochi oqargan buvijoni, bolangizni bolasiga bunchalik berahm bo`lmang. O`ynab gapirsang xam o`ylab gapir deydilar. Yoshlar g`o`r, nodon, qiziqqon bo`lishadi, buni bilasiz. Balki, qizgina so`zlaringizga achchiq qilib, shu mudhish xatoga yo`l qo`ygandir, shu haqda bir o`ylab ko`ring. Siz-chi, OTA nomini ko`tarib yurgan ukam. Nega oilangizni, ahli ayolingizni himoya qilolmay qoldingiz. Xotinni onasinikiga haydab, bolalarni hayron-sarson qilgan bilan bo`yningizdan otalik karzi olib tashlanmaydi, jon uka! Ko`zingizni kattarok oching! Erkaksiz, elning ulug`i, oila boshlig`i, Xudo bergan aziz ne`mat-farzandlarning padari buzrukvorisiz. hammaning boshini birlashtirib, bolalarga o`rnak ko`rsatib ahil yashamaganingizning, ularning tarbiyasi bilan shug`ullanmay, tashlab qo`yganingizning, vaziyat shu holga kelgunicha tomoshabin bo`lib o`tiraverganingizning jabrini tortayapsiz endi. Shundan keyin ham farzand tarbiyasi bilan shug`ullanmasangiz, holingiz xarob, ishonavering. Aql o`rgatishdan yiroqmiz. Bir jamiyatda, bir zamonda yashayapmiz, shu sabadan ham bir-birimiz uchun mas`ulmiz. O`zingizni qo`lga oling, yo`l qo`ygan xatolaringizni tuzatishga harakat qiling.

Shahnoza Halilova, ruhshunos: — Muammo boshqa uyga ko`chib o`tgach boshlandi debsiz, aslida avval boshdan oilangizda tartib-intizom yo`lga qo`yilmagan-u, yangi muhitda shu kamchiligingiz ko`rinib qolgandek tasavvur paydo bo`lyapti menda. Bunda kimnidir ayblash fikridan yiroqman. Siz ham xatolaringizga buvingiz yoki boshqalarni ayblamang. Yo`l qo`ygan xatongizga kelsak, agar yosh bolalarcha tantiqlik bilan hayotga engil qaramaganingizda, o`ylaymanki, bunchalik tashvishlar girdobida qolmasdingiz. Kimlargadir achchiq qilib, nimalarnidir isbotlash uchun hayotingizni buzishingiz shartmidi? Hatti-harakatlaringizdan e`tibor, mehr etishmayotganligini ko`rish qiyin emas. Ammo ota-onaningizni qayta tarbiyalashning imkoni yo`q. Shunday ekan, o`zingiz hayotga kattalarcha qarashni o`rganing. Har bir qilgan ishingiz uchun mas`uliyatni bo`yningizga olishga harakat qiling. Xatolaringizdan keyin yaqinlarinigiz sizga nisbatan qanday munosabat qilishlarini kutyapsiz? Tushkun holatdasiz, tushunamiz, biroq alamlaringizni hayotningizni barbod qilish yo`li bilan olishni bas qilib, kamchiliklaringizni tuzatib, to`g`ri yashashni o`rganing. Xovliqmay, o`ylab qaror qabul qilishga odatlaning. Hayotingiz izga tushish uchun, albatta, tartib-intizomga o`rganing.
Просмотров (68)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar