Главная » “Maftuningman-2” kinofilmi uchun aktyorlar tanlovi yakunlandi
(Xabaringiz bor, “Dono Productions” kinokompaniyasi tomonidan tayyorlanayotgan ishchi nomi “Maftuningman-2” kinofilmida ishtirok etish uchun aktyorlar tanlovi (kasting) butun mamlakatimiz bo`ylab, ya`ni Qoraqalpog`iston respublikasi va barcha viloyatlarda joriy yil 11 iyuldan 28 iyulgacha, shuningdek, Toshkent shahrida 2 avgustdan 15 avgustgacha o`tkazilishi haqida ma`lumot berilgan edi. Biz kompaniya mutasaddilaridan ushbu jarayon yakuni haqida so`radik.



- Hamyurtlarimiz orasida katta qiziqish uyg`otgan, ishchi nomi “Maftuningman-2” kinofilmida ishtirok etish uchun aktyorlar tanlovi (kasting) yakuni haqida ma`lumot bersangiz.

Avval ma`lum qilganimizdek, kasting jarayonlari kutilganidek hamyurtlarimizning katta qiziqishi va faol ishtiroki bilan o`tdi. Nukus, Navoiy, Termiz, Samarqand, Andijon, Farg`ona, Guliston, Urganch, Buxoro, Qarshi, Jizzax, Namangan va Qo`qon shaharlaridan so`ng kasting poytaxtimiz Toshkentda 2 hafta davom etdi. Fursatdan foydalanib kompaniyamiz tomonidan ushbu jarayonda ishtirok etgan minglab hamyurtlarimizga o`zimizning samimiy minnatdorligimizni bildiramiz!

“Maftuningman-2” kinofilmi uchun ishtirok etganlar orasidan aktyorlarni tanlab olish jarayoni qanday kechadi va umuman, film ssenariysi haqida ma`lumot bera olasizmi?

- “Maftuningman-2” ijtimoiy loyiha ekanligiga kastingda bevosita ishtirok etgan hamyurtlarimizning o`zlari guvoh bo`lgani haqida aytib o`tgan edik. Bir masalaga alohida e`tiboringizni qaratmoqchiman. Ushbu kasting faqatgina “Maftuningman-2” kinofilmi uchun xizmat qilmaydi. Ya`ni, “Dono Productions” kinokompaniyasi tomonidan bir vaqtning o`zida bir nechta loyihalar ishga tushirilmoqda. Kelgusida, turli janrlarda tayyorlanadigan mazkur kinofilmlarimizga ham yaqinda bo`lib o`tgan kastingda ishtirok etgan hamyurtlarimiz orasidan nomzodlar tanlab olinadi. Demakki, salkam ikki oy davom etgan kasting kompaniyamiz ma`lumotlar bazasi sifatida shakllandi. Unda o`z iqtidorini namoyon etgan har bir hamyurtimiz haqidagi ma`lumot hamda video va fotomateriallardan 5 yil davomida maqsadli foydalaniladi.

Endi “Maftuningman-2” filmi uchun aktyorlar tanlab olish jarayoniga to`xtalsak. Bu jarayon bevosita ssenariyga bog`liq. Aniqroq aytganda, bugun ssenariy nufuzli ijodkorlarimiz tomonidan qayta ishlanmoqda. Nega qayta ishlanmoqda? Biz mamlakat bo`ylab o`tkazilgan kastingdan so`ng ssenariyga o`zgartirishlar kiritishga qaror qildik. Boisi, kasting davomida favqulodda qobiliyatga ega hamyurtlarimiz san`ati va chiqishlariga guvoh bo`ldik. Va aynan ularning iste`dodini ssenariyda aks ettirishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Ssenariy qayta ishlanayotgani uchun u haqda Sizga batafsil ma`lumot taqdim eta olmaymiz. Bu sir. Kinofilm tomoshabin hukmiga havola etilganda bu sirdan voqif bo`lasiz.

Aynan “Maftuningman-2” kinofilmi uchun aktyorlar tanlovi natijalarini esa, joriy yil sentyabr oyidan boshlab ishtirokchilarga ma`lum qilamiz.
Просмотров (124)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar