Главная » Milliy teatrning yangi 102-mavsumi boshlandi
(O`zbek Milliy akademik drama teatrining yangi 102-ijodiy mavsumi ochilishiga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi.

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda “O`zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirga ijodiy va jamoat tashkilotlarining vakillari, teatr fidoyilari, ma`naviyat targ`ibotchilari, o`qituvchilar, talaba-yoshlar, san`at muxlislari taklif etildi, deya xabar beradi O`zA.



Tadbir avvalida ishtirokchilar mustaqilligimiz asoschisi, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Teatr jamoasi ilk bor 1945-1948 yillarda Uyg`un va Izzat Sulton asari asosida «Alisher Navoiy» spektaklini namoyish etgan. Ushbu dramaga teatr ijodiy jamoasi qayta-qayta murojaat etib, mazkur asar bir necha marta sahna yuzini ko`rdi.

– Ulug` bobomiz asarlarida ulug`langan g`oyalar zamonlar osha dolzarbligi, insoniyatni mudom poklikka, ezgulikka, ma`naviy kamolotga undashi bilan qadrlidir, – deydi spektakl rejissyori Rustam Hamidov. – «Alisher Navoiy» dramasi keng mazmuni, chuqur falsafiy g`oyasi, obrazlarining rang-barang va to`laqonliligi, yoshlar uchun tarbiyaviy ahamiyati bilan ajralib turadi. Spektaklda Navoiyning benazir shoir, ulug` mutafakkir ekani bilan birga tinchlikni saqlash, jamiyatdagi osoyishta muhit barqarorligini ta`minlash, ijtimoiy adolatni o`rnatish, yurtni obod etish, madrasalar, shifoxonalar, ko`priklar, bog`lar barpo etish yo`lidagi ezgu sa`y-harakatlarini aks ettirishga astoydil intildik.

Spektaklda Navoiy rolini O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Behzod Muhammadkarimov, Guli rolini Dilnoza Kubaeva ijro etmoqda. Shuningdek, asosiy rollarda O`zbekiston xalq artistlari Erkin Komilov, Muhammadali Abduqunduzov, Saidkomil Umarov va boshqa artistlar o`ynamoqda. Rang-barang sahna bezaklari, o`sha davrni aks ettirishga xizmat qiluvchi dekorasiyalar, lazerli yoritish texnologiyalari spektaklning ta`sirchanligini oshirish imkonini berdi. Spektaklda bastakorlarimiz Ikrom Akbarov, Nurilla Zokirov, Mustafo Bafoev, Rustam Abdullaev asarlaridan keng foydalanilgan.
Просмотров (92)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar