Главная » Moskvada bolaning boshini tanasidan judo qilgan enaga ruhiy nosog`lom deb topildi
(

2016 yilning 29 fevral kuni Rossiyaning Moskva shahrida “Oktyabrskoe pole” metro stansiyasi atrofidagi uylardan birida qotillik ro`y berib, oila enagasi hisoblangan samarqandlik Gulchehra Boboqulova o`zining qaramog`ida bo`lgan to`rt yoshli qizchani o`ldirib, boshini tanasidan judo qilgan va bolaning boshini ko`tarib ko`chada yurganligi barchani dahshatga solgan edi.

Qotillikda ayblangan Gulchehra Boboqulovaga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi mazkur yilning 24 oktyabr kuni Moskvaning Xoroshevsk sudida ko`rib chiqildi, deb xabar qildi “Gazeta.ru” nashri. Gulchehra Boboqulovaning ruhiy nosog`lom, deb tan olinganligi tufayli prokuror tibbiy xarakterdagi majburiy davolanish to`g`risidagi qarorni o`qidi. Qotillikdan tashqari, enaga uyni yoqish orqali jabrlanuvchilarga 6,5 million rubl moddiy zarar etkazganligi aniqlandi.

Tergov jarayonida Gulchehra Boboqulova mazkur yilning 29 fevral kuni Narodnoy opolcheniya ko`chasida joylashgan uyda bo`lganligi, bu erda u to`rt yoshli, tug`ilish jarayonida markaziy asab tizimi shikastlangan bemor qizga enagalik qilgani ma`lum bo`ldi. O`sha kuni enaga qizchani bo`g`ib o`ldirgan, oshpichoq bilan boshini kesib olgan. Keyin uyga o`t qo`ygan. Uy batamom yonib ketgan, yong`indan umumiy yo`lak ham zarar ko`rgan. Shundan keyin Gulchehra Boboqulova “Oktyabrskoe pole” metrosi tomon yo`l olgan. Metroning kirish joyida erga joynamoz to`shab, tiz cho`kkancha, namoz o`qishga kirishgan. Uning xatti-harakatlarini kuzatib turgan polisiyachilar oldiga kelib, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishni so`ragan. Ularga javoban ayol yonidagi xaltadan bolaning kesilgan boshini chiqarib, uni hozir o`ldirganligini, o`zining terrorchi ekanligini, yonida portlovchi modda borligini aytgan va “Ollohu Akbar!” deb qichqirgan.

Ayolning qo`lidagi bolaning kesilgan boshini ko`rgan polisiyachilar uni rostdan ham terrorchi-xudkush, deb o`ylagan. Polisiyachilar zudlik bilan yaqin orada joylashgan savdo do`konlaridan odamlarni evakuasiya qilgan. Ko`chani ichki ishlar xodimlari o`rab olgan. Oradan 40 daqiqa o`tgach, Gulchehra Boboqulova qo`lga olingan. Polisiyachilarning nima uchun bolani o`ldirganligi to`g`risida berilgan savoliga, qotil enaga “Ollohning irodasi” bilan deb javob bergan.

Prokurorning nutqidan keyin, Gulchehra Boboqulova qoralovchining so`zlari tushunarli ekanligini, sud jarayonida batafsil ko`rsatma berishini bayon qildi. Shundan keyin sudya so`zni qatl etilgan qizchaning onasiga berdi. Sud yopiq tartibda o`tkazilgani bois savol-javobga 40 daqiqa vaqt ketdi. Sud zalidan birinchilardan bo`lib, tarjimon Xanifova chiqdi va Gulchehra Boboqulova o`z aybiga to`liq iqror bo`lganligini ma`lum qildi.

Ma`lum bo`lishicha, Gulchehra Boboqulova ushbu oilada uch yil ishlagan, ungacha esa boshqa oilalarda ham enagalik qilgan va ulardan juda yaxshi tavsiya olgan. Ayolning so`zlariga ko`ra, ushbu jinoyatga uni hayotidagi omadsizliklar sabab bo`lgan. 2000 yilda uning salomatligida muammolar yuzaga kelgan, u birinchi eri Radmirdan ajrashgan. Undan Gulchehraning uch farzandi bor. Rossiyada u ikkinchi eri samarqandlik Suhrob Mo`minov bilan tanishgan ularning munosabatlari besh yil davom etgan va eri unga hiyonat qilganini bilgach yakun topgan.

2014 yilda Boboqulova Moskvada tojik millatiga mansub Ma`mur Jo`raqulov bilan tanishib, shar`iy nikoh qurgan. Bir yildan so`ng esa uning Tojikistonda yana bir eri borligini bilib qolgan. Jinoyatchi Boboqulovaning so`zlariga ko`ra, ushbu hodisa uni butunlay o`zidan ketkazib, vahshiyona qotillik qilishga undagan.

Gulchehra Boboqulovaning qonuniy vakili bo`lgan, huquqshunos Aleksandr Goverdovskiy Boboqulovaning suddan keyin davolanish uchun O`zbekistonga yuborishlarini iltimos qilayotganini bildirdi. Ammo qonunchilikka asosan jinoyat qaysi mamlakatda sodir etilsa, jinoyatchi o`sha erda jazo muddatini o`tashi lozim.

Bundan tashqari, Aleksandr Goverdovskiy Boboqulovaning birorta terrorchilik va ekstremistik guruhga a`zo emasligini ham qayd etdi. Navbatdagi sud majlisi mazkur yilning 1 noyabriga berlgilandi. Galdagi sud majlisida voqeaga guvoh bo`lgan 10 nafardan ortiq polisiyachilar guvoh sifatida ishtirok etishi ko`zda tutildi.
Просмотров (297)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar