Главная » NARGIZA ABDULLAEVA: KINOGA ENDI KIRIB KELGAN YOSH REJISSYORLARGA AKTYORNING MISQOLLAB TO`PLAGAN OBRO`SI QIZIQ EMAS
(

O`zbekiston Mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan aktrisa Nargiza Abdullaeva «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi. “Daryo” nashri aktrisa bilan suhbat uyushtirdi.

— Suhbatimizni ayni kundagi ijodiy yangiliklardan boshlasak. Qanday filmlarda rol ijro qilmoqdasiz?

— Takliflar juda ko`p, ko`plab ssenariylarni ko`rib chiqyapman. Xususiy kino studiyalar tomonidan tasvirga olingan «Ajdar izidan» va «Omonat» nomli filmlarda suratga tushdim. Ularning premerasi tez kunlarda bo`lib o`tadi.

— Nega filmlarning premeralarida ko`rinmaysiz?

— To`g`risi, premeralarga borishni yomon ko`raman. Nafaqat boshqa filmlarning, balki o`zim o`ynagan filmlarning premeralariga ham ko`pincha bormayman.

— Sababi nimada?

— Shunday holatlar bo`ladiki, siz film saviyasini bilib turasiz. Majburiyatdan, kimlarningdir yuzidan o`ta olmay o`ynagan rolingiz taqdiri unda o`ynashga rozilik bergan vaqtingizdayoq aniq bo`ladi. Bunday filmda rol o`ynab, so`ng muxlislar oldiga peshvoz chiqib: «Men shunday qilib qo`ydim, kimningdir yuzidan o`ta olmay, o`zimga yarashmaydigan rolni ijro qildim», deb ichingizda aytib, ularga ta`zim qilgandan ko`ra, premeraga bormaslikni afzal ko`raman.

— Kimlarningdir yuzidan o`ta olmay o`ynagan filmlaringiz ko`pmi?

— Bo`lgan, ammo bu filmlarda moddiy manfaat uchun o`ynamaganman. Odamning yuzi issiq bo`larkan. Ko`pincha birovning dilini og`ritmay, ilk qadamlarini sindirmay, deb rozilik berib, so`ng o`zimning ko`nglim og`rigan damlar ko`p bo`lgan.

— «Ilk qadamlarini sindirmay» deyapsiz — gap yosh rejissyorlar haqida ketmoqda?

— Gap kim haqida ketayotganini ochiq aytolmayman, ammo yosh rejissyorlarga ham ikki og`iz maslahatim bor. Kinoga endi kirib kelayotgan rejissyorlar ko`p ishlarni bir o`zi bajarmoqchi bo`ladi. Misol uchun, liboschi ham o`zi, prodyuser ham o`zi, ham montajchi, ham operator, boz ustiga film ssenariysi ham rejissyorlar tomonidan yozilmoqda. Axir bularning har biri alohida kasb, har bir kasbning esa ham o`z ustalari bor. Bir safar rejissyordan keyingi sahna uchun qanday kiyim olib kelishim kerak deb so`rasam: «Farqi yo`q, uyda kiyadigan birorta kiyimingizni olib kelavering», dedi. Jahlim chiqib: «Men uyda kalta shortik kiyib yuraman, shuni olib boraverishim kerak ekan-da», deb yubordim. Ular uchun aktyor-aktrisaning yillar mobaynida misqollab to`plagan obro`si qiziq emas — ularga o`zlari suratga olgan va premeradan nariga o`tolmaydigan filmlari muhim.

— O`zbekiston Mustaqilligining 25 yilligi siz uchun qo`shaloq bayramga aylandi. «Shuhrat» medali bilan taqdirlanganingiz haqidagi xushxabarni sizga kim birinchi bo`lib etkazdi?

— Ko`pchilik shunday unvonlar bilan taqdirlanganida: «Umuman kutmagan edim!», degan gaplarni aytadi. Nokamtarlikka yo`ymang-u, biroq men rostdan ham buni kutmagan edim. To`yxonada boshlovchilik qilayotganimizda, sherigim, «Navro`z» radiosi boshlovchisi Rustambek mikrofonni olib, kutilmaganda: «Gulduros qarsaklaringiz ostida Nargiza Abdullaevani tabriklaymiz — u ‘Shuhrat’ medali bilan taqdirlandi!», deya e`lon qilib yubordi, bu haqdagi xabar bir kun avval internetda chiqqan ekan. Ochig`i, o`shanda ishonmadim. 25 avgust kuni «O`zbekkino»dan telefon qilib, tabriklashganidan so`ng ishondim.
Просмотров (53)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar