Главная » Notanish Qorboboning kutil(ma)gan tuhfasi
(

Sevgi... Nima u? Qo`l bilan tutib, ko`z bilan chamalab bo`larmikan? Bulutlardek tiniq engil, tezda tarqab ketuvchi parmikan?! Bu o`y xayollar mening ongu shuurimni shu qadar qamrab olgandiki, tushlarimni ham «sahnalashtirardim»... Shirin xayollar og`ushidan og`olmay yillarni ilg`amay qolish mumkinligini tasavvur qilib ko`rganmisiz? Men soatlar yoki kunlar haqida emas, yillar haqida gapirayapman...

Kecha ko`zguga qaradim... Yuzlarim siliqibdi... Onam to`g`ri aytibdi, ko`p ishlab o`zimni oldirib qo`yibman. Ko`zlarimda quvonch bor, lekin uni bir qarashda ilg`ash qiyin. Umid degani ham behol kulayotganga o`xshaydi... Aytgancha, hozir qaysi fasl? O`tgan kuni derazadan bahorning iliq shabodasini tuygandim. Bugun esa havoda qandaydir sovuq tam bordek... Sekin deraza pardasini ko`tarib ko`chaga qaradim, tavba shaharni oppoq o`rik gullari qurshab olganmi? Buncha chiroyli manzara... Baland qavatli uylardan ko`chani, odamlarni kuzatish maroqli... To`xta, nimaga hamma bahorga, o`rik gullariga monand emas... Televizordan eshitilayotgan tanish musiqa fikrimdan chalg`itdi, to`g`rirog`i, odamlarning mening tavassurimga monand emasligini tushuntirib berdi. Uff, yana o`sha serial, endi uy bekalari, hatto, ba`zi erkaklar bir oy yana o`shalarning dardi bilan yashaydi. Qaysidir faslning sonatasi... Shoshma, o`tgan kuni bahor, bugun qish?! Unda o`rtadagi yoz va kuz qaerga ketdi? Yoki taqvimning ikki faslga atalgan sahifalari yonib ketdimi?.. Ko`zlarimni yumdim va tushundimiki, men xayollarga umr fasllarimni em qilib yuboribman... Yoshim... har holda o`n sakkizda emas, shukrki qirqqa hali chiqmadim... Kutib charchadim, juda charchadim, yoshim haqida so`nggi paytlarda hech kim gapirmay qo`ydi, foydasi yo`qligini tushunishgan shekilli. Yaqinlarim va boshqalar meni hissiz qariqizga chiqargan va eng yomoni ular ich-ichidan hayotimda hech qachon sevgi bo`lmasligiga qattiq ishonar edi. To`g`risi, qariqizligimni bilardim, ammo menga atalgan muhabbatga kimlarningdir allaqanday qiymatsiz xulosasi to`siq bo`lishidan qo`rqardim. Eng yomoni atrofimdagilarning shu xulosasiga o`zim ham ishonishni boshlagandim. Birgina onam hali baxtli kunlarim oldinda ekanligini aytar, Tangri o`zimga o`xshaganini yaratgan, fursati kelib, albatta, u bilan uchrshashimga mendan ham ko`p ishonardi...

Garderobdan qizil paltoimni olib kiydim. Aytgancha, bir oydan buyon shu paltoni kiyaman, qarang, liboslarim almashgan-u, xayollarim o`sha-o`sha sodiqligicha qolgan... Bugun oq paltomni kiyaman...

Bekatda avtobus kutish har doim ham yoqimli emas, ammo bugun ich-ichimdan kutishga shayman. Entikish, nimagadir hayajonlanish... Nazarimda 35 yoshda bunday xayollar g`alati... Birov o`ylarimni o`qib olishidan qo`rqdim. Yaxshi ham oq kiyganim, qizil paltomda olovdek hammaning nazariga ilinardim...

— Nimaga bugun qizil paltongizni kiymadingiz?..

Kutilmaganda berilgan savolga nima deb javob qaytarishni bilmadim. Zum o`tmay javobdan oldin savolni kim bergani muhimligi xayolimga keldi. Yonimga qora kurtkada, baland bo`yli, ko`zlari xiyol qisiqroq bir yigit turardi.

— Tushunmadim? — dedim unga.

— Oq ham sizga yarashar ekan... — dedi u.

— Bilaman, yarashmaganini kiymayman, — biroz ko`pollik bilan javob qaytardim. To`g`risi, shu onda notanish bilan qanday ohangda bo`lmasin suhbatlashish yoqardi.

— Bir oydan beri o`sha paltongizga mahliyoman, — hazil bilan engil tabassum qildi u.

— Atigi bir oymi, men uch yildan beri uning «asiri»man! — dedim kulib.

— Keling, bugun o`sha avtobusga chiqmaylik, qolaversa, ishingiz boshlanishiga hali bir soatcha bor. Vaqtli borib, yana stolingiz oldidagi oynadan uzo-o-o-oqlarga termulib birovlarni ilg`amay o`tirasiz, — dedi va «yuring», degandek yo`l boshladi. Dastlab nima deyishni bilmadim, ammo bu ertakchining syujeti menga ma`qul bo`layotgan edi... Ergashdim...

Oradan kunlar o`tdi. Bekatga bir-bir yarim soat erta chiqib Notanish bilan piyoda yurish odatga aylandi. Aslida tish shifokori bo`lgan bu yigit meni aynan qizil paltom sababli yoqtirib qolibdi. Ko`zlarimdagi quvonchning, umidning bo`ylarini o`stiraman, tashvishlaringizga elkamni, ko`z yoshlaringizga kaftimni tutib, sizni yuragimda asrayman, degan va`dalardan yiroq, oddiy juda oddiy suhbatlashardik. Sevgi-muhabbat haqida so`z yo`q edi, ammo menda o`sha tuyg`u nish urayotgandi. Ehtimol yillar davomida shunday suhbatdoshga intiqligim sabab Notanishga bog`lanib qolayotgandirman, deb o`ylardim. Eng yomoni 35 yoshimda kimgadir aldanib qolish, ishonchimning chil-chil sinishi haqidagi tashvish edi...

Taqvimga qaradim... 18 dekabr! Yangi yilga oz qoldi... Men bu yil bilan juda iliq xayrlashaman. Agar shu yil kelmaganida Notanish bilan uchrasharmidim...

...Bekatda uch soatcha qolib ketdim. Burchakda mayda-chuyda sotib o`tirgan ayol menga qayta-qayta qarab, oxiri qaramay qo`ydi. Tavba, u ham Notanish bilan tanishligimni biladi, shekilli, uni kutayotganimni sezayapti... U kelmadi... Biror ishi chiqqandir yoki bemorlari ko`paygan. Sovuq odamlarning yuragidan avval milkiga ta`sir qiladi-ku, deya o`zimni yupatdim.

Uch kun o`tdi. 22 dekabr. Notanish qizil paltomni yaxshi ko`rishini bilganim uchun ataylab oqini kiyyayotgandim. Bugun qizilni kiydim. Yana qaytadan uning nazariga tushish istagi qalbimning tub-tubidan bosh ko`targani uchun...

Avtobuslarni o`tkazib yubordim. Telefonim qo`limda, qo`ng`iroq qilishga iymanaman... Shu payt birov «Ishonma, kutma, erkak zotini tuprog`i shu...», dedi. Pistachi ayolning gapi jahlimni chiqardi. Og`iz juftlab javob qaytarmoqchi edim ayol gapirgani qo`ymadi. «Umrimning yarmini shu bekatda o`tkazdim. Qancha odamlarni ko`rdim. Yaqinda elikka kiraman, turmush qurganimga o`ttiz yil bo`ldi. Bolalarim bor. Ammo hayotimdan ko`nglim to`lmadi... Pista sotganim, kun bo`yi bekatda kim nima xarid qilarkin degan o`ylardan emas, bu tirikchilik g`ami. Meni boshqa narsa qaritdi... E`tiborsizlik, bilasanmi, erim menga bir marta bo`lsa-da gul sovg`a qilmagan, hatto oqshom chog`lari o`n besh yigirma daqiqa piyoda shunchaki yurmaganmiz ham... Mana shular alam qiladi...», Ayolning dardi har qancha o`rinsiz bo`lmasin, menga ta`sir qildi... Xayrlashmay, sekin bekatdan ketdim.

Kechqurun uyga borsam, onam xursand. Uy ichiga sig`maydi, meni ko`rib ko`zlari yoshlandi. «Qizim keldingmi, o`tir choy ich...» onamga yo`q, degandek ishora qildim va xonamga kirib ketdim...

Kunlarim yana avvalgidek huvillab qoldi. Pag`a-pag`a yog`ayotgan qorlar yuragimni bosib qolayotdek edi. Endi bekatga bormasdim, ishga taksi bilan qatnay boshladim. Qizil paltomni taxlab shkafning eng burchagiga berkitib tashladim...

Taqvimning oxirgi yiritilgan varag`i 22 dekabr. Birma-bir yirtib bugungi sanaga etib keldim... 31 dekabr. Yangi yil keladi. Bu yil uning boshqacha kelishiga ishongandim. Afsuski, o`tgan yillardan farqsiz yana qanotsiz xayollar bilan keladi... Qani edi uni to`xtatib qololsam... Men to`xtatib qolsam, boshqa bir yangi yilga, yangi kunlarga intiqayotganlar nima qiladi?..

Oilaviy dasturxon... Іamma xursand, tilaklar aytilmoqda... Shu payt telefonim jiringladi. Yashirin raqam... «Allo», dedim sekin o`z xonamga o`tib. «Kim bu?», «Men Qorboboman», degan javob ensamni qotirdi. «Menga Qorbobo kerak emas», dedim to`ng`illab. «Menga Qorqiz kerak», dedi kulib. «Uzr, men Qorqiz emasman», dedim alamli jilmayib... «Nimaga unday deysan och eshigingni, senga sovg`a olib keldim»... Bu Notanishning ovozi edi... Xursand bo`lib ketdim, ammo zumda jahl oti keldi. Lekin eshikni ochish, uni ko`rish istagi hammasidan ustun edi. Qo`llarim qaltirab eshikning zulfini buradim. Ro`paramda qizil kiyimli, sersoqol Qorbobo turardi. Tarvuzim qo`ltig`imdan tushib, jiyanlarim uchun chaqirilgan Qorboboni uyga taklif qildim. U qopini ko`tarib mehmonxona tomon yurdi. Zumda uyimiz qiyqiriqqa to`lib ketdi, bolalar, hatto, kattalar ham xursand edi. Eng qizig`i, hammaning qo`lida sovg`asi bor. Men xona eshigiga suyangancha ularni kulib kuzatardim...

— Bu sovg`am senga, — Qorbobo menga yaqinlashib qo`limga kichkina qizil quticha berdi.

— Bobojon, men sizni kutadigan yoshdan o`tganman, sovg`angizni boshqa bolalarga olib qo`ying, — dedim jahlim chiqib.

— Burning qizarib ketdi, sovg`ani ol-da, men ketgach, qizil paltongni kiyib, ko`chaga chiq, — deya Qorbobo ko`zlarimga qaradi. Menga mehr bilan turmulib turgan bobojonning ko`zlari xiyol qisiqroq edi...

— Amma sovg`angizni oching, nima ekan, Qorboboning zo`rini chaqiribsiz hammaga sovg`a berdi... Jiyanlarimning ovozi xayollarimni bir joyga yig`di. Atrofga qarab Qorboboni topa olmadim, shosha-pisha qutichani ochdim va uning ichida uzuk turardi... «Voy, tillami, tilla uzukmi...» katta jiyanimning hayratiga e`tibor qilmay, shkafimning burchagida yotgan qizil paltomni kiyishga oshiqdim... Ko`zlarimdan to`kilayotgan quvonch yuragimda yig`ilgan zanglarni yuvardi. Qishdan, qizil paltodan, pistachi xotinu va yana boshqalardan minnatdor edim... Men o`tkazgan yillarimdan minnatdor kayfiyatda ko`zlari xiyol qisilgan, baland bo`yli Qorbobo — Notanishim oldiga oshiqardim...

SEVDO
Просмотров (204)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar