Главная » O'zbekistonda amaldorlar daromad deklaratsiyasini to'ldirishi yo'lga qo'yilishi mumkin
(

O'zbekistonda amaldorlar daromad deklaratsiyasini to'ldirishlarini ko'zda tutuvchi me`yor joriy etilishi mumkin. Bu haqda Sputnik agentligi O'zbekiston Bosh prokuraturasidagi manbasiga asoslangan holda xabar qilmoqda.

Agentlik manbasining so'zlariga ko'ra, hozirda tegishli vazirlik va muassasalar korrupsiyaga qarshi 2018 yilgacha mo'ljallangan ikki yillik dasturni ishlab chiqishmoqda. Korruptsiya jinoyatiga qarshi kurash bo'yicha qator chora-tadbirlar majmuasini o'z ichiga oluvchi hujjat mart oyi oxiriga qadar tayyor bo'ladi. Xususan, undagi me`yorlardan birida davlat xodimlari hamda ularning oila a`zolari daromadlari haqida deklaratsiya to'ldirishlari majburiy talab sifatida ko'rsatiladi.

"Daromad deklaratsiyasi yuridik hujjat emas, balki iqtisodiydir. Shuning uchun hozirda mutaxassislar tomonidan mazkur talabni joriy etish shartlari o'rganib chiqilmoqda va muhokamalar yakuniga yetishi bilan barcha takliflar umumlashtiriladi va shundan so'ng, bu boradagi aniq fikr aytiladi", — degan suhbatdosh.

Uning qayd etishicha, umuman olganda dastur doirasida respublikada korrupsiyaga qarshi kurash borasida xorij tajribasiga ham asoslangan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekistonda qonunchilik aktlarini tahlil qilish va ularni takomillashtirish hamda mansabdor shaxslar orasida halol mehnat qilishni targ'ib qiluvchi aniq takliflar kiritish bilan shug'ullanuvchi korrupsiyaga qarshi muassasalararo komissiya tashkil etish rejalashtirilmoqda. Komissiya shuningdek, ushbu sohada mavjud bo'lgan surunkali muammolarni aniqlash bilan ham shug'ullanadi.
Просмотров (131)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar