Главная » O‘zbekiston aholisi 32 mln kishiga yaqinlashdi
(O‘zbekistonning doimiy aholisi miqdori 1-iyul holatiga ko‘ra 31,807 million kishini tashkil etdi. Yil boshidan beri o‘sish 231,7 ming kishi yoki 0,7 foizga teng bo‘ldi. Bu haqda, Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.



Shahar aholisi 16,11 million kishiga (umumiy aholining 50,6 foizi), qishloq aholisi 15,697 million kishiga (49,4 foiz) tenglashdi.

Yanvar–iyun oylarida mamlakatda 318 ming bola dunyoga keldi, tug‘ilish koeffitsiyenti 20,2 promilleni tashkil etdi.

O‘lim holatlari yarim yillikda 73,9 mingni, o‘lim koeffitsiyenti esa 4,7 promilleni tashkil etdi. Qayd qilingan o‘lim holatlarining 59,7 foizi qon aylanish tizimi xastaliklari, 8,6 foizi o‘simtalar, 5,5 foizi hazm qilish organlari xastaliklari, 6,3 foizi nafas olish organlari xastaliklari, 5,6 foizi baxtsiz hodisalar, zaharlanish va jarohatlar tufayli kelib chiqqan.

Hisobot davrida bir yoshga to‘lmagan 3700 bola o‘limi qayd etildi, bolalar o‘limi koeffitsiyenti 10 promilleni tashkil etdi. Bu bolalarning 53,5 foizi perinatal bosqichdagi holatlar tufayli, 24,4 foizi nafas olish organlari xastaliklari, 10,2 foizi tug‘ma nuqsonlar, 3 foizi esa infeksion va parazitar xastaliklar tufayli olamdan o‘tdi.

Shuningdek, bu vaqt ichida FHDYo organlarida 92,4 ming nikoh va 14,8 ming ajrashish qayd etildi. Nikoh koeffitsiyenti 5,9 promilleni, ajrashish koeffitsiyenti esa 0,9 promilleni tashkil etdi.

Yanvar–iyun oylarida respublikaga kelganlar soni 72 ming kishini, mamlakatdan chiqib ketganlar soni 84,4 ming kishini tashkil etdi. Migratsiya saldosi — minus 12,4 ming.
Просмотров (118)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar