Главная » O‘zbekistonlik kinoijodkorlar Morgan Friman “o‘ynagan” film taqdimoti to‘xtatilgani uchun minnatdorchilik bildirdi
(

Reklamasida Gollivud aktyori Morgan Frimanning siymosidan foydalangani uchun o‘zbekistonlik rejissor Siroj Abdullayevning “Daydi” nomli filmi taqdimoti “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan to‘xtatib qo‘yilgan edi.

“O‘zbekkino”ning bu qarorini o‘zbekistonlik bir guruh kinoijodkorlar qo‘llab-quvvatlagan. Ularning minnatdorchilik murojaatini rejissor Akbar Bekturdiyev Facebook’dagi sahifasida e’lon qilgan.

Murojaat ostida rejissorlar Mansur Abduxoliqov, Dilmurod Masaidov, Muxlisa Azizova, Akbar Bekturdiyev, prodyuser Oybek Abdushukurov, operator Dilmurod Turdiboyev, rassom Bektosh Rajabov, montaj rejissori Xurshid Alixo‘jayev kabilar imzo chekkan.

So‘nggi kunlarda “Daydi” filmining reklamasini ko‘rib, ochig‘i, hayron bo‘lgan edik — nahotki o‘g‘rilik bilan ham kino ishlasa va odamlarni osongina aldash mumkin bo‘lsa, deb.

Bitta xorijlik kinoaktyorni loyihamizga jalb qilish uchun qancha yelib yuguramiz, qancha mashaqqat chekamiz. Chunki biz ehtiyotsizlik qilsak, mualliflik huquqi bo‘yicha xalqaro janjal kelib chiqishi, hukumatimizga turli notalar yuborilishi mumkin va rahbarlar oldida yuzimiz yerga qarab qolishini istamaymiz.

Bundan tashqari, hozirda ijtimoiy tarmoqlar yirik media-maydon hisoblanishini inobatga olsak, bu hodisa nafaqat o‘zbek kinosi, balki O‘zbekiston imidji uchun ham salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin edi, deb hisoblaymiz.

Shu sababli, biz, kinoijodkorlar mazkur qarori uchun “O‘zbekkino”ga minnatdorchilik bildiramiz. Hamkasbimiz tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar esa tez orada to‘g‘rilanishi va “Daydi” filmi katta ekranlarda o‘z muxlisini topishiga ishonch bildiramiz.

O‘zbekistonlik bir guruh kinoijodkorlar murojaatidan
Просмотров (177)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar