Главная » O‘zbekistonni yanada rivojlantirish strategiyasi bo‘yicha farmon loyihasi ishlab chiqildi
(

Normativ-huquqiy aktlar muhokamasi portalida O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e’lon qilindi. Quyida hujjat matni to‘liq keltiriladi.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, davlatimiz suvereniteti, chegaralarimiz daxlsizligi ta’minlandi, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini kuchaytirish, qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari hamda manfaatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi.

Iqtisodiyotda ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan, eski boshqaruv tizimidan mutlaqo voz kechib, bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tilgani, pul-kredit siyosati puxta o‘ylab olib borilgani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakati uchun yo‘l ochib berilgani makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyotning yuqori sur’atlar bilan rivojlanishini ta’minlash, inflyatsiyani prognoz ko‘rsatkichlari darajasida saqlab qolish, eng muhimi, xalqimizning hayot sifati darajasini oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Ayni vaqtda mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lining chuqur tahlili bugungi kunda jahon bozorida konyunktura o‘zgarib, raqobat tobora kuchayib borayotganini har tomonlama hisobga olishni, shu asosda davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha strategik yondashuv va tamoyillarni ishlab chiqish va amalga oshirishni taqozo etmoqda.

Olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyat rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, hayotning barcha sohalarini liberallashtirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish bo‘yicha eng muhim ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida:

1. Butun xalqimiz, ayniqsa, uning eng faol qatlamiga aylanib borayotgan tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo‘llash va ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan va quyidagilarni nazarda tutadigan 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Harakatlar strategiyasi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatimizni modernizatsiya qilishda parlamentning rolini yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvi va davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, davlatning iqtisodiyotni tartibga solish borasidagi funksiyalarini qisqartirish, “yagona oyna” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini keng joriy etish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish va fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish yo‘lida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish;

sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash, yurtdoshlarimiz tomonidan odil sudlovga erishish darajasini oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish, sud jarayonida tortishuv tamoyilini to‘laqonli joriy etish, yuridik yordam va xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash uchun qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga e’tiborni yanada kuchaytirish;

iqtisodiyotning ochiqligi va raqobatdoshligini oshirish, iqtisodiy mustaqillikni kuchaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, yetakchi ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizatsiya va faol diversifikatsiya qilish, moliya-bank sohasini tubdan isloh etish, xususiy mulk va tadbirkorlikni har tomonlama himoya qilish, tashqi iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, turizm tarmog‘ini samarali rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish maqsadida iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish;

ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini bosqichma-bosqich oshirish, aholi bandligini ta’minlash masalasini samarali hal etish, fuqarolarni zamonaviy va arzon uy-joylar bilan ta’minlash, uy-joy va kommunal xo‘jaligini, sotsial infratuzilma obyektlarini modernizatsiya qilish, aholini ijtimoiy himoya qilish va sog‘liqni saqlash, ilm-fan, ta’lim-tarbiya tizimini, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish yo‘lida ijtimoiy sohani rivojlantirish;

davlatning mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mintaqamizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini vujudga keltirish, jahon hamjamiyatida mamlakatimizning ijobiy xalqaro nufuzini mustahkamlash yo‘lida xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni yanada kuchaytirish hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni yuritish.

2. 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya hamda Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar 2–7-ilovalarga muvofiq tuzilsin.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

Harakatlar strategiyasini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining birlamchi vazifasi va bosh ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi;

Harakatlar strategiyasi besh bosqichda, kelgusi besh yilda yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqqan, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda, amalga oshiriladi.

4. 2017-yil O‘zbekiston Respublikasida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingani ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda — Davlat dasturi) 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar zimmasiga Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlar to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish, shuningdek, Harakatlar strategiyasini 2018–2021-yillarda amalga oshirish bo‘yicha tegishli yillik Davlat dasturlari loyihalarini tayyorlash vazifasi yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar bilan hamkorlikda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining Davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyati muvofiqlashtirib borilishini, uning joylarda ijro etilishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirilishini ta’minlasin.

Belgilab qo‘yilsinki, Davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi umumlashtirilgan axborot Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar tomonidan har oy yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga taqdim etib boriladi.

6. Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul davlat organlari va muassasalari:

fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi, samarali usul va mexanizmlarini joriy etish, mansabdor shaxslarning aholi oldida hisobot berishi tizimini amalda tatbiq etish, shu asosda xalqning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga;

fuqarolardan kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar va ularda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha byurokratik to‘siq va muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur amaliy chora-tadbirlar ko‘rish, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari, muammoli masalalarni paysalga solmasdan, imkon qadar tez ko‘rib chiqish va hal etishga;

Davlat dasturi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarning ochiqligi, ularda fuqarolar, barcha darajadagi davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, yoshlar, ijodiy va ilmiy muassasalar vakillarining keng ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat dasturida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va o‘z vaqtida tayyorlanishi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilishi va vaqtida kiritilishi monitoring qilib borilishi hamda monitoring natijalari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga har chorakda axborot berilishini ta’minlansin.

8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda:

mazkur Farmonning maqsad va vazifalari, uning demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etishda davlat organlarining aholi bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini kuchaytirish, aholi farovonligini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligi, qonuniylik va adolatni, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo, fuqarolararo totuvlikning qaror topishiga yo‘naltirilganini ommaviy axborot vositalarida, jumladan, Internet tarmog‘ida keng sharhlab borilishini;

Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning borishi va natijalari to‘g‘risidagi xolis, to‘liq ma’lumot aholiga tezlik bilan yetkazilishini ta’minlasin.

9. Tashqi ishlar vazirligi Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalarga rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy taraqqiyot tajribasini, zarur bo‘lganda, xalqaro, xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarini jalb qilgan holda, o‘rganishda ko‘mak bersin.

10. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Просмотров (611)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar