Главная » O‘zbekistonning barcha hududlarida Islom Karimov tavallud topgan kunni nishonlashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda
(

Shu kunlarda O‘zbekistonning barcha hududlarida mamlakat Birinchi Prezidentining tavallud topgan kun – 30-yanvar sanasini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda ushbu sana munosabati bilan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Toshkentning Sergeli tumanidagi Habibiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini va Sergeli tibbiyot kollejida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda Birinchi Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston mustaqilligi, xalq ozodligini ta’minlash yo‘lidagi ulkan xizmatlarini yoshlar ongu qalbiga singdirish tarbiyaviy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

– Bugun yoshlarimiz tinch va osoyishta osmon ostida, ota-onasi bag‘rida emin-erkin ulg‘aymoqda. Ular istiqlolni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, uning qadriga yetish zarurligini, bu yorug‘ va saodatli kunlarimiz, baxtiyor hayotimiz xalqimizning fidoyi insonlari chekkan mashaqqatlar evaziga kelganini bilishi kerak, – deydi Habibiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Husniddin Begmatov. – Buyuk Yo‘lboshchimiz tavalludi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlarda xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga bu haqda atroflicha hikoya qilib bermoqdamiz.

Samarqand davlat universitetida o‘tkazilgan ana shunday tadbirda Islom Karimov hayoti va faoliyati, boy ma’naviy merosi haqida so‘z yuritildi.

– Mustaqillikning dastlabki yillarida Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan mashhur besh tamoyil qisqa davrda hayotda o‘zini oqlab, dunyo davlatlari, xalqaro tashkilotlar tomonidan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” sifatida e’tirof etildi, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Eshmuhammad Qodirov. – Ko‘plab davlatlar bu tamoyillardan namuna olishga, uni o‘z siyosatiga targ‘ib etishga intildi. Ta’lim tizimidagi islohotlar, qishloq joylarda aholi turmush farovonligini oshirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar, bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida kuchli ijtimoiy siyosat olib borilishi mamlakatimiz erishgan muvaffaqiyatlarning muhim omillari hisoblanadi.

Shunday tadbirlar mamlakatning barcha hududlarida davom etmoqda.
Просмотров (349)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar