Главная » Rossiya federal telekanallari Tu-154 aviahalokati sabab ko‘ngilochar ko‘rsatuvlarni efirdan oldi
(

Xususan, “NTV” telekanali “Kinoshou” ko‘ngilochar dasturini 25-dekabr ko‘rsatuvlar jadvalidan chiqarib tashlagan. “Keyingi kunlar jadvali qanday tartibga solinishini yaqin vaqt ichida hal qilamiz”, — dedi telekanal bosh direktori Aleksey Zemskiy.

“Birinchi kanal” ham ko‘rsatuvlar jadvaliga o‘zgartirish kiritadi. “Hozircha aynan nimalar o‘zgartirilishi haqida aniq ayta olmayman”, — dedi telekanal bosh prodyuseri Aleksandr Fayfman. Uning qayd etishicha, telekanal aviahalokat oqibatida halok bo‘lgan o‘z xodimlarining oilalariga ko‘mak ko‘rsatadi.

“RIA Novosti”ning yozishicha, “Rossiya 1” telekanali ham ko‘rsatuvlar jadvalini o‘zgartirishini ma’lum qilgan. Telekanal matbuot xizmati vakilining aytishicha, “Kulishga ruxsat etiladi” ko‘rsatuvi efirdan olingan. Uning o‘rniga badiiy film namoyish etiladi.

25-dekabr kuni tongida Rossiyaning Adleridan Suriyaning Latakiya shahriga uchayotgan Rossiya Mudofaa vazirligi samolyoti qulagani ma’lum bo‘ldi. Tu-154 ning bortida 92 kishi, xususan, 84 yo‘lovchi va ekipajning sakkiz a’zosi bo‘lgan.

Yo‘lovchilarning aksariyati Aleksandrov nomidagi ashula va raqs ansambli a’zolari bo‘lgan. Bortda, shuningdek, Rossiya “Birinchi kanali”, “NTV” va “Zvezda” telekanallarining tasvirga olish guruhlari ham bo‘lgan.

Rossiya Mudofaa vazirligidan ma’lum qilishlaricha, samolyotda “Adolatli yordam” jamg‘armasi ijrochi direktori Yelizaveta Glinka (Doktor Liza) ham bo‘lgan.

Sochi qirg‘oqlaridan 6 kilometr uzoqlikda aviahalokat qurbonining jasadi topilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi vakilining ma’lum qilishicha, qutqaruvchilar samolyot bo‘laklari va yo‘lovchilarning shaxsiy buyumlarini topishga muvaffaq bo‘lgan.

Aviahalokat munosabati bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tu-154 qurbonlarining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, shuningdek, 26-dekbarni Rossiyada umummilliy motam kuni deb e’lon qildi.
Просмотров (156)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar