Главная » San`atkorlarning ajoyib xobbilari
(Ko`pchilik asosiy kasbidan tashqari, bo`sh vaqtlarida sevimli mashg`uloti bilan shug`ullanishni yoqtiradi. Albatta yulduzlarimiz ham bundan mustasno emas. “Hordiq plyus” gazetasi ularning sevimli mashg`ulotlari bilan qiziqdi.

Alisher Fayz: – Futbolga juda qiziqaman. Sababini bilmayman-u, lekin futbol to`plarini yig`ishni yoqtiraman. Uyimda, ofisimda ham so`zlarimning isbotini ko`rishingiz mumkin. Tushkunlikka tushsam yoki qattiq charchasam qo`limga koptokni olaman. Uyda, ofisda to`p saqlashning ham foydali tomonlari bor ekan. Bo`sh qolsangiz sport mashqlarini bajarish imkoniyati tug`iladi.

Hosila Rahimova: – Bolaligimdan qadimiy taqinchoqlarni yig`ishga qiziqaman. E`tibor bersangiz, zamonaviy kiyimlar bilan birga qadimiy, milliy taqinchoqlarni uyg`unlashtirishga harakat qilaman. Mening qiziqishimni yaxshi bilgan muxlislarim momolaridan qolgan qadimiy taqinchoqlarni sovg`a qilishgan. Bundan tashqari poytaxtdagi hovlimizga o`tov qurdirganman. Qish kunlari o`tovga kirsangiz jonning huzuri. Ichi qorong`i va sokin bo`lgani uchun ham u erda ijod qilgingiz kelaveradi.



Ziyoda: – Qiziqishlarim juda ko`p. Ammo fitnes va zamonaviy raq bilan shug`ullansam, barcha tashvishlardan forig` bo`lgandek, engil tortaman. Fitnes bilan qomatni tiklash uchun emas, balki ruhiy dam olish uchun shug`ullanaman. Uyimda ham kichik mashg`ulot zali bor. Tongda fitnes bilan shug`ullansam, kuni bilan tetik yuraman. Raqsga tushsam, miriqib uxlayman.

Ilhom Farmonov: – Eski, lekin noyob markadagi avtomobillarni yig`ishga qiziqaman. Ulardagi engil nosozliklarni tuzatish ham qo`limdan keladi. Hovlimiz uncha katta bo`lmagani uchun doimo qiziqishlarimni jilovlab turishga majburman. Bir yili poytaxtimizda noyob markadagi avtomobillar ko`rgazmasi bo`lib o`tdi. Undagi avtomobillarni ko`rib rosa quvondim. Demak, menga o`xshagan qiziquvchilar oz emas ekan.

Otabek Muhammadzohid: – Bir necha yildan buyon rolik va muz ustida konki uchishni yoqtiraman. Afsuski, Farg`onada muz saroyi yo`q. Faqatgina poytaxtga kelgandagina sevimli mashg`ulotim bilan shug`ullanaman. Agar moliyaviy imkoniyatim bo`lganida, albatta, ona shahrimda shunday muz saroyini qurdirgan bo`lardim.

Alijon Isoqov: – Esimni taniganimdan buyon baliq ovlashga qiziqaman. Qarmoqda baliq ovlashning o`z gashti bor. Uyimda 12 ta qarmoq, qayiq va baliq ovlash uchun kerak bo`ladigan barcha anjomlar bor. Ov mavsumida do`stlarim bilan baliq ovlagani chiqamiz. Bir necha kilogrammlik sazan balig`ini ham ovlashga musharraf bo`lganman.
Просмотров (124)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar