Главная » Shavkat Mirziyoyev Termizda tashkil etiladigan zamonaviy tibbiyot markazlari loyihasi bilan tanishdi
(

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifining ikkinchi kunini Termiz shahrida tashkil etiladigan zamonaviy perinetal, urologiya va oftolmologiya markazlari loyihasi bilan tanishishdan boshladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Viloyat perinatal markazi investitsiya dasturi asosida 2011—2012-yillarda 1,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga qayta rekonstruksiya qilingan. Tibbiyot muassasasini maqbullashtirish va ayollar konsultatsiyasi poliklinikasi tashkil etish hududda onalar va bolalar o‘limining, chaqaloqlar nogiron va nuqson bilan tug‘ilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Surxondaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi negizida tashkil etilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi Termiz filiali urologik kasalliklarni aniqlash va davolash sifati va samaradorligini oshiradi. 415 o‘rinli yangi markazda yiliga 500 dan ortiq kam invaziv amaliyotlar bajariladi.

Jumladan, zarba-to‘lqinli litotripsiya, teri orqali endourologik muolajalarni qo‘llash va bemorlarni yuqori texnologik uskunalar bilan davolash 40 foizga yetkaziladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirirurgiyasi markazi Termiz filiali katarakta, glaukoma, tomir tizimi kasalliklari, diabetik retinopatiya kabi xastaliklarga erta tashxis qo‘yish va yiliga 3 ming bemorni samarali davolash imkonini yaratadi.

Shavkat Mirziyoyev mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, sohani yanada takomillashtirish, aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, har tomonlama sog‘lom avlodni voyaga yetkazish maqsadida yaratilayotgan bu sharoitlardan unumli foydalanish uchun har bir ishni sifatli, puxta amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Ushbu markazlar bilan birga, uzoq va aholi ko‘p yashaydigan tumanlarda ularning bo‘limlarini tashkil etish, odamlarni ovora qilmaslik uchun joylarda ko‘riklar o‘tkazish, tibbiy va ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish zarurligi qayd etildi. Kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va tajribali shifokorlarni jalb etish, ajratilgan mablag‘lar va tibbiy uskunalardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha ham shunday markazlar, kardiologiya va bolalar kasalliklariga ixtisoslashgan klinikalar tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Просмотров (60)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar