Главная » Suyukligingizga qanday ko`rinasiz?
(

Mehribon, kuyinchak yoki “izquvar” — bu ta`riflarning qaysi biri sizga mos? Ehtimol, xatti-harakatlaringiz ko`ngil qo`ygan insoningizda o`zgacha tasavvur qoldirayotgandir. Keling, munosabatlaringizni ko`rib chiqamiz...



Onalarcha o`ta g`amxo`rlik…

“Shamollab qolmadingizmi? Tezda dori ichib oling-a!” yoki “Ishda charchagandirsiz, uxlab dam olvoling…” Bu kabi e`tibor dastavval siz haqingizda yoqimli taassurot uyg`otishi rost. Hatto ko`ngil qo`yganingizning bunday e`tirofdan o`ziga nisbatan ishonchi ham ortadi.

“+” fe`lingizda kuyinchakli bo`lsa, kelajakda oilangiz uchun ham mehribon ayol bo`la olasiz. Ayni mana shu xislatingiz tufayli ham yoringiz bilan ahil-inoq yashashingiz mumkin.

“-“ Biroq asalning ham ozi yaxshi. Ba`zi yigitlar onalaridagi o`ta g`amxo`rlikni tanlagan yorlarida ham ko`rishni istashmaydi. Muloqot chog`i o`zingizni kuyinchak tutishingiz esa uning nazdida o`zini ko`rsatish yoki unga ega chiqishni istayotgandek ko`rinishi mumkin.



Etakchi kim: sizmi yoki u?

Tashabbuskorlik yaxshi fazilat. Hatto yigit-qiz munosabatlarida ham kezi kelganda bir taraf ayrim masalalarda etakchilikni qo`lga olgani durust. Agar siz ayni mana shunday peshqadamlardan bo`lsangiz, demak munosabatlaringizga siz o`ta jiddiy yondoshgansiz. Yigitingiz ham buni yaxshi biladi.

“+” Ko`ngil qo`yganingiz siz bilan keyingi hayotini tasavvur qilar ekan, oilaviy masalalardan cho`chimasligi, har qanday og`ir vaziyatlar unga dalda bo`lishingiz va yo`l ko`rsata olishingizga ishonadi. Bu esa oila qurish tanlovida bo`lgan yigitlarga juda muhim.

“-“ Shunday bo`lsa-da, yigit kishi hamisha bir pog`ona oldinda yurishni hohlaydi. Bu esa etakchiligingizni hadeb nomoyon etavermaslik kerak degani. Bordi-yu, u barchasini o`zingiz uddalashingizga o`rganib qolsa, keyingi birgalikdagi hayotingizda ham shu tariqa davom etaveradi. O`ylab ko`ring, bu sizga kerakmi?



Ehtimol, “qo`riqchi”dirsiz?

Ushbu so`z bilan yoringizni haddan ortiq sevishingiz va rashkchi ekanligingizni nazarda tutdik. To`g`ri, uni barchadan qizg`anishingiz munosabatlaringizga allaqanday ko`rinmas iliqlik bag`ishlaydi. Hatto shunchaki tanishuv bilan boshlangan uchrashuvingiz ham aynan mana shu tuyg`u bilan jiddiylashishi mumkin.

“+” Yoringizni rashk qilib, yarmi chin, yarmi hazil surishtiruvlaringiz unga maroq bag`ishlaydi. Axir, yigitlar bunday “yoqimli nazoratdan” o`zlarini yanada qat`iyatli sezishadi-da! Qolaversa, aksariyat yigitlarda “Yorim meni qizg`anayapti, demak, munosabati jiddiy” degan tushuncha bor.

“-“ Bir tarafdan esa kim bilan o`tirgani-yu, do`stlarining ism-sharifini bilishga qiziqishingiz uning sizdan sovib ketishiga olib keladi. Axir, er yigit qiz bola tarafidan “tergov” qilinishini hohlamaydi-da. Hatto u ko`ngil qo`ygani bo`lsa ham... Qolaversa, yigitlar tabiatan “erkin ovchi”. Agar uning hos soqchisi bo`lishga harakat qilsangiz, bir umr davom etuvchi “surishtiruvlardan” cho`chib, munosabatlaringizga nuqta qo`yishi mumkin.



“Biram pazandamanki...”

Suyganingiz bilan munosabatlaringiz turmush qurish rejalari bilan bog`liq bo`lsa, demakki, bayram yoki tavallud kunlarida sovg`a almashib turasiz. Balki uning yaqinlariga ham bir nimalar sovg`a qilishga ulgurgandirsiz. Bir tarafdan bunday iltifot yoringiz bilan munosabatlaringizning jiddiyligi va uning yaqinlariga hurmatingizni ko`rsatadi. Boshqa tomondan esa....

“+” Bo`lajak qaynonangiz e`tiboringizni tushunsa-ku, xo`p-xo`p. Ehtimol, uning didiga mos kelayotgan sovg`a tanlashingiz va ko`nglini olishga urinayotganingizni ma`qullar ham. Yoringiz ham kelgusidagi qaynona-kelin munosabatlaridan ko`ngli tinch bo`ladi.

“-“ Ammo bayram yoki yig`inlarda patnisni “to`ldirib” berib yuborgan shirinligingiz bo`lajak oila a`zolaringizga yoqmasligi ham mumkin. Ular nazdida go`yo o`g`li orqali xushomad qilayotganday bo`lasiz. Qanchalik mohir pazanda va uddaburon “tadbirkor” bo`lmang, kezi kelganida bularni oshkor qilmay turgan ham ma`qul-da! Axir, yangi xonadonga yangilik olib kelish bir filmni takroran ko`rishdan yaxshiroq chog`i...



“Shantajchi” bo`lmang tag`in...

His-tuyg`ularga asir bo`lgan yigitlar ba`zida “O`zimni undoq qilaman, bundoq qilaman” degan po`pisalaringizga javoban muhabbatlarini ayamay, yo`llaringizga poyondoz solishga ham tayyor bo`lishadi. Shundaymi, qizlarjon? Buni ham muhabbatning “shirin davriga” kiritish mumkin. Biroq...

“+” Ancha vaqtdan beri bir-biringizni yaxshi bilsangiz, yoringiz do`q-po`pisangizdan “Meni shunchalik sevar ekan” deb o`ylashi mumkin. Hatto bundan o`zicha mag`rurlanib ham qo`yadi. To`g`ri, ba`zida shunday vaziyatlar bo`ladiki, aytayotgan gapingiz chin emasligini bildirgan ohangda “qo`rqitib” turish mumkin. Munosabatlaringiz jiddiy bo`lsa, bunday so`zlashuv tili bir-biringizga bo`lgan tuyg`ularingizni “elakdan o`tkazib” qo`yadi.

“-“ Suyganingizni nazoratda ushlayman deb, “shantaj” qilishni afzal bilsangiz, jiddiy munosabatlarni xayol qilmay qo`ya qoling. Axir, yigitlar ham o`z qadri va g`ururini bilgan qizlarni yoqtirishadi. Qolaversa, bunday qiliqlaringizni uning yaqinlari eshitsa bormi, sharmanda bo`lganingiz qoladi, xolos. Keyinchalik yoringiz bilan turmush qurgan taqdiringizda ham siz haqingizda “shantajchi kelin” deyishlari mumkin.



Do`stlarsiz...

Sevganingiz nima istayotganingizni yuz ifodangizdan uqib oladi. Siz ham xuddi shundaysiz. Bir-biringizni so`zsiz tushunganingiz muhabbatdan-da oshiqrog`, do`stlarcha o`zaro hurmat borligini ham anglatadi. Zero oilaviy xayotda ham bir-birini do`stona tushunish juda katta vazifa.

“+” Yonida siz kabi suyukligi va bir vaqtning o`zida jonkuyar do`sti borligidan yigitning boshi osmonga etishi aniq. Axir, kim ham do`st bo`lishni uddalolmaydi.

“-“ Lekin “do`st achitib gapirar” deya fursati kelganda tilingizga erk berib yuborishingiz ham yaxshi emas. Ayniqsa, kelajak rejalaringiz jiddiy bo`lsa, unga avvalo qanday umr yo`ldosh kerakligini tushunib oling. Shunga ko`ra do`stona munosabatingizni qay holda va qanday foydalanishni bilib olasiz.



Malikai dilorom!

Tashqi ko`rinishingiz, did bilan kiyinishingizu muomala madaniyatingiz ko`ngil qo`yganingizni befarq qoldirmaydi. Aksar yigitlar aynan o`ziga e`tibor berib yuradigan qizlarni yoqtirishadi. Axir, boshqalardan “yarq” etib ajralib turishni uddalash ham san`at!

“+” Sizga ko`ngil qo`ygan inson o`zingizga qanchalik e`tiborli ekanligingizni ko`rib, kelgusida oilamizga ham shunday munosabatda bo`ladi, deb o`ylaydi. Eng muhimi, “Bir umr yonimda o`ziga oro berishni bilgan, xushbichim ayolim bo`ladi” deya quvonadi.

“-“ Diqqat markazida faqat o`z dunyoqarashingizu tashqi ko`rinishingiz bo`lishi ham to`g`ri emas. Sizga mahliyo bo`lgan yoringiz bora-bora “Faqat o`zim bo`lay” deyishingizdan zerikib, “Faqat siz kerak” deydiganini izlab qoladi. Agar tanlagan insoningizning turmush qurish niyatiga hayrihoh bo`lsangiz, “malikalarday” bo`ling-u, «qirol»ingizni ham taxtga o`tkazib, hurmatini bajo keltiring.

Marjona RAHIMOVA
Просмотров (402)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar