Главная » Tarixiy natija: Denis Istomin Australian Open—2017 da jahonning 2-raketkasi Novak Jokovichni mag‘lub etdi
(

Tennis bo‘yicha Australian Open–2017 musobaqasining ikkinchi davrasida o‘zbekistonlik Denis Istomin bugun, 19-yanvar kuni jahonning ikkinchi raketkasi – serbiyalik Novak Jokovichga qarshi bahs olib bordi.
Jahon reytingida 117-o‘rinda borayotgan 30 yoshli O‘zbekiston vakili musobaqaning amaldagi chempioniga qarshi qariyb 5 soat davom etgan o‘yinning birinchi setini 7:6 hisobida o‘z foydasiga hal qildi. Ikkinchi setni ham muvaffaqiyatli yakunlashga yaqin turgan Istomin yakunda 5:7 hisobida yutqazdi.

Uchinchi setda Novak Jokovich 6:2 hisobida zafar quchdi. To‘rtinchi setda esa Istomin qiyinchilik bilan tay-breykda 7:6 hisobida g‘alaba qozondi.

Hal qiluvchi setda O‘zbekistonning birinchi raketkasi 6:4 hisobida zafar quchib, uchinchi davraga yo‘l oldi. Uchinchi davrada Denis Istomin ispaniyalik Pablo Karreno Bustaga qarshi bahs olib boradi va o‘yin natijasidan qat’i nazar 97 ming dollar ishlab oladi.

Eslatib o‘tamiz, Denis Istomin 17-yanvar kuni o‘tkazilgan ilk davrada xorvatiyalik Ivan Dodigni 4 setda – 6:1, 6:4, 3:6, 7:5 mag‘lub etgandi.

Ma’lumot uchun, Istomin hamda Jokovich bugunga qadar 5 marta to‘qnash kelgan. Ularning barchasida serbiyalik tennischi g‘olib chiqqan edi.

Denis Istominning Australian Open’da qayd etgan eng yaxshi natijasi 2010 va 2014-yillarga tog‘ri kelgan bo‘lib, har ikki safar o‘zbekistonlik tennischi uchinchi davragacha yetib borgandi. E’tiborlisi, har ikki safar ham u Novak Jokovichga mag‘lub bo‘lgandi.
Просмотров (121)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar