Главная » Toshkentda sud itini kaltaklagan kishini jarimaga tortdi
(20-iyun kuni Toshkentning Sirg‘ali tuman sudi ochiq majlisida hayvonlar bilan qattiqqo‘l munosabatda bo‘lish haqidagi ish yuzasidan hukm chiqarildi.



Toshkent viloyatida tug‘ilib o‘sgan 27 yoshli javobgar yarim oylik kuchukchasiga og‘ir jarohatlar yetkazgani uchun “Hayvonlar bilan qattiqqo‘l munosabatda bo‘lish” va “Mayda bezorilik” moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Sud eshituviga sabab bo‘lgan voqea ijtimoiy tarmoqlarda va axborot kanallarida o‘ziga xos rezonans yaratdi. 12-may kuni Facebook’dagi “Tashkentskaya gruppa pomoshchi bezdomnim jivotnim ‘Vsyo v tvoix rukax’” guruhida xo‘jayini tomonidan kaltaklangan kuchukcha haqida ma’lumot berildi. Jonivorlarni himoya qiluvchi faollar itning xo‘jayinini sudga berish niyatini bildirdi.

Da’vo arizasida hayvonlarni himoya qilish tashkilotlari bilan hamkorlik qiluvchi ko‘ngilli Sirg‘ali tuman veterinariya klinikasida kuchukchani topib olgani aytilgan. Jonivor u yerda 10 kunlik karantinda saqlanayotgan edi. Bunday amaliyot odamni tishlagan hayvonlarga nisbatan qo‘llanadi.

Kuchukchaning egasi uy jonivori uning barmog‘idan tishlab olganini tasdiqladi.
Xususiy veterinariya shifoxonasida o‘tkazilgan tekshiruvlar itda jiddiy bosh suyagi jarohati borligini, shuningdek orqa va old oyoqlari singanini ko‘rsatdi. Faollarning mablag‘lari hisobiga it bosh miyasi neyroxirurgiya amaliyotidan o‘tkazildi. Ammo, oxirgi ma’lumotga ko‘ra, hayvon himoyachilari tomonidan Lora deb atalgan kuchukcha ko‘z nervi atrofiyasi tufayli ko‘rish qobiliyatini yo‘qotdi. U hid bilish va eshitish qobiliyatini saqlab qolishi uchun uzoq muddat davolanishi lozim.

Sudda itning huquqlarini himoya qilgan faolni “Mehr va oqibat” hayvonlarni himoya qilish nodavlat notijorat jamiyati qo‘llab-quvvatladi. Jamiyat a’zolari yuridik konsultatsiyada va zarur hujjatlar to‘plashda yordam berdi.

Sud qaroriga muvofiq, kuchukchaning sobiq xo‘jayini eng kam oylik ish haqining uch barobari miqdorida jarima to‘lashi lozim.

“Mehr va oqibat” vakillarining e’tirof etishicha, ularning faoliyatida hayvonlarga qattiqqo‘l munosabatda bo‘lish bilan bog‘liq holat uchinchi marta huquqiy maydonda ko‘rib chiqilishi. Faollar huquqiy pretsedent yarata olganini, hayvonlarga oid qonunchilik ishlayotganini, fuqarolik jamiyati institutlari esa befarq bo‘lmagan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ko‘rsatib bera olganini e’tirof etmoqda.
Просмотров (108)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar