Главная » Ulug‘bek Qodirovning bodibilding bo‘yicha ustozi Habibulla Nizomov: Dangasa yoshlarimiz bir kunda “kachok” bo‘lishni istaydi
(

Toshkent shahar bodibilding va fitness federatsiyasi prezidenti, bodibilding bo‘yicha qator musoboqalar sovrindori, sport ustasi, ayni vaqtda filmlarda rol ham o‘ynayotgan Habibulla Nizomov jurnalist Feruz Muhammadga intervyu berdi.
Bodibilding bilan necha yildan beri shug‘ullanasiz?
— Bu yilni ham hisobga kiritadigan bo‘lsak, 11 yil bo‘ladi.

— Shou-biznes vakillarining ko‘pchiligiga sizni murabbiy deydi. Xususan, xonanda Ozodbek Nazarbekov, aktyor Ulug‘bek Qodirov bodibilding qonun-qoidalarini sizdan o‘rgangani rostmi?
— Bundan to‘rt yilcha avval Ozodbek Nazarbekovga sport do‘konidan mashq anjomlarini tanlab, unda foydalanish qoidalarini o‘rgatganim rost. Ammo ularga doimiy murabbiylik qilmayman. Ularni inson sifatida ham, san’atkor sifatida ham juda hurmat qilaman. Har ko‘rishganimda shug‘ullanishga vaqtlari bo‘lmaganiga shama qilib, “Sport anjomlari mendan xafa”, deb qo‘yadilar. Ulug‘bek Qodirovga esa rostdan ham murabbiylik qilaman, har kuni qanday mashqlar bajarayotgani, qanday ovqat iste’mol qilayotganini nazorat qilib boraman. Shunga yarasha Ulug‘bekda natija ham ancha yaxshi. Agar Ozod aka ham doim shug‘ullanib borganida, ularda ham natija juda yaxshi bo‘lar edi.

— Sizning murabbiyligingiz ostida juda ham yaxshi natijalarga erishgan shou-biznes vakili bormi?
— Bodibilding bilan shug‘ullanishga endi ahd qilgan vaqtida Jahongir Poziljonov juda ozg‘in edi. Ammo u yaxshigina shug‘ullanib, 11 kilogramm vazn yiqqan.

— Siz ham murabbiy yordamida shug‘ullana boshlaganmisiz yoki o‘zingiz bilganingizcha harakat qilaverganmisiz?
— Murabbiy yordami bilan harakat qilganman, albatta. Baxtimga juda ham yaxshi murabbiylar uchragan. Murabbiylarim mendan hatto pul ham olmagan, barcha sir-asrorlarini o‘rgatishgan. O‘zim ham bu sportni juda yaxshi ko‘rib shug‘ullanganman. Mushaklarim rivojlanib ketsa ham, jismoniy kuchli bo‘lsam ham, birovning tanini ham, dilini ham og‘ritmaganman. Haligacha ko‘p joylarda: “Urushasizmi, kimnidir urib ag‘darganmisiz?”, deb ko‘p savol berishadi. Men hech qachon, hech kimga kuchimni ko‘rsatmaganman, ko‘rsatmayman ham. Qachonki o‘zimga yoki oilamning sha’niga tegadigan gap bo‘lsa, o‘shanda ham o‘zimni himoya qilish uchun, tushuntirib qo‘yishim mumkin.

— Bugun ko‘pchilik yoshlar bodibildingga qiziqish bildirmoqda. Ular tezroq natijaga erishish, mushaklarini ko‘rsatish uchun turli kimyoviy moddalarni ham iste’mol qiladi. Buning oqibati ayanchli holatlarga olib kelganini ham videoroliklar orqali ko‘rganmiz. Bu borada yoshlarga qanday maslahatlar berasiz?
— Biz mashq qilayotgan vaqtlarda mazkur sport turi hali rivojlanmagan edi. Mashq qilayotgan zallarimiz ham bugungi kundagi zallarga qaraganda ancha ayanchli holda bo‘lgan. Shunday sharoitda ham yaxshi natijalarga erishganmiz. Bugun esa odatda faqatgina ko‘rinishim yaxshi bo‘lsin, muskullarim baquvvat bo‘lib, tanam shishib yursin, deb harakat qilishmoqda. Zalga kelib, menga qarab: “Qancha vaqtda sizdek bo‘lishim mumkin, ikki oyda ko‘rinish siznikidek bo‘lishi mumkinmi?”, deb so‘rashadi. Oylarni hisoblab yurishadi, ammo bu noto‘g‘ri. Kimyoviy moddalarning zararli ekani hammaga ma’lum. Uni iste’mol qilib, shug‘ullanib sog‘liqqa zarar yetkazgandan ko‘ra, tabiiy ozuqalarni iste’mol qilib shug‘ullangani ming marta yaxshi natija beradi. Bugun yoshlar juda mehnatdan qochadigan bo‘lib ketgan, ularning beli og‘rimasa-da, bir kunda “kachok” bo‘lib qolsa. Agar shunday fikrda yurganlar bo‘lsa, bu sport turiga yaqinlashmaganlari ma’qul. Ushbu sport turi bilan professional darajada shug‘ullanadiganlar uchun ma’lum miqdorda kimyoviy ozuqalardan iste’mol qilish tavsiya etiladi. Bu ham ma’lum muddatgacha, qachonki o‘zining kuchi tugab, o‘sish kuzatilmaganidagina iste’mol qilish mumkin.

— Qanday tabiiy ozuqalarni tavsiya qila olasiz?
— Ko‘pchilik proteinlarni zarar, mumkinmas deydi. “Protein” oqsil kukuni deb tarjima qilinadi va uning zarari yo‘q. Avvallari oqsil kukunining har yerlardan kelganini ichib yurar edik. Hozirda esa o‘zim litsenziya asosida oqsil kukunlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim. Uning hech qanday zararli tomoni yo‘q, 100 foiz tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan. Asosi sut zardobini kukuni yoki quruq sut, loviya kabi tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan.
Просмотров (117)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar