Главная » “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” davlat dasturini ishlab chiqish boshlandi
(

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” davlat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish haqida farmoyish imzoladi, deya xabar bermoqda UzDaily. Hujjatga muvofiq ushbu davlat dasturi bir oy davomida ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston rahbari davlat dasturining birlamchi vazifalarini belgilab berdi. Xususan, dastur joylarda qabul qilingan qonunlar, buyruqlar va boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi, davlat organlarining o‘zlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish bo‘yicha faoliyatining samaradorligi ustidan parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Farmoyishda ta’kidlanishicha, dastur doirasida aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi samarali mexanizmlari va uslublari joriy etiladi.

Dastur, shuningdek, barcha hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisob berish tizimini joriy etishni ko‘zda tutishi kerak.

Bundan tashqari, aholiga talab katta bo‘lgan davlat xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha bir muassasa orqali ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilindi. “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish borasida ham choralar ko‘riladi.

Aholining huquqiy madaniyati va moliyaviy-iqtisodiy savodxonligini oshirish hamda fuqarolarni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash tizimini shakllantirish bo‘yicha tadbirlar ham davlat dasturiga kiritiladi.

Dastur iqtisodiyotni boshqarishda davlat rolini kamaytirish choralarini nazarda tutadi. Shuningdek, mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyotini ta’minlash hamda iqtisodiyotni isloh qilish va erkinlashtirish ishlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilindi. Dastur kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarni ham o‘z ichiga oladi.

Ish haqi, pensiya, nafaqa, stipendiyalar miqdorini oshirish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish ham dasturdagi birlamchi jihatlarga aylanadi.
Просмотров (256)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar