Главная » Xonanda Botir Qodirovning Andijondagi konserti tashkilotchilar “o‘zi istagan summada chipta sota olmagani uchun” bekor qilindi
(

Xonanda Botir Qodirovning 17-dekabr, shanba kuni Andijondagi “Istiqlol” tantanalar saroyida bo‘lib o‘tishi kutilgan “Ko‘ngil izhori” nomli konsert dasturi bekor qilindi. Bu haqda “Sayyod.com” xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, konsert haqida 10 kun avvaldan radiokanallar orqali reklama berilgan, mahalliy muxlislardan birining “Sayyod.com”ga ma’lum qilishicha, “konsertning barcha chiptalari sotib bo‘lingan edi”.

“Nahotki Botir Qodirov konsert tashkilotchilari bilan kelisha olmagani uchun, o‘zi tug‘ilib o‘sgan shahardagi muxlislarini ovora qilsa?”, — deyiladi “Sayyod.com”da e’lon qilingan muxlis xatida.

O‘z navbatida, Botir Qodirovning prodyuseri Asror Isaxo‘jayev mazkur holat yuzasidan izoh bergan: “Andijondagi konsert uchun tashkilotchilar faqat ‘zakalat’ pulini bergan, bu pulga biz poyezdga chipta olganmiz. Kelishuv bo‘yicha, pulning qolgani konsertdan avval berilishi kerak edi. Ammo tashkilotchilar bugungacha turli bahonalar qilishdi, oraga kafolat sifatida kimlarnidir qo‘yishga ham urinishdi. Bugun tongda esa o‘sha tashkilotchilarning o‘zi, chiptalar ular istagan summada sotilmagani uchun, konsertni bekor qilish taklifi bilan chiqishdi”.

Isaxo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, nafaqat Botir Qodirov, balki boshqa xonandalar ham viloyatlardagi konsertlar uchun kelishilgan xizmat haqini oldindan 100 foiz qabul qilib oladi.

“Ko‘p hollarda pulni ‘konsert payti yoki konsertdan keyin beramiz’, degan va’dalardan kuyganmiz. Yaqinda, noyabrda ham shunga o‘xshash voqea yuz bergan edi, haligacha pullarimizni ololmayapmiz”, — deydi Asror Isaxo‘jayev.

Xabarda konsert tashkilotchisi aynan kim ekaniga aniqlik kiritilmagan. Muxlis xatiga ilova qilingan konsert chiptasi suratida: “‘O‘zbeknavo’ taqdim etadi”, yozuvini ko‘rish mumkin.
Просмотров (106)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar