Главная » Yigitali Mamajonovdan ko`pchilikni qiziqtirgan savollarga qisqa va lo`nda javoblar
(

Qisqa va lo`nda” loyihasining bu galgi qahramoni film va kliplardagi rollari bilan e`tiborga tushgan, ko`pchilikning sevimli aktyori Yigitali Mamajonov...

MAVSUM YaNGILIGI
Ayni kunlarda yangi filmning suratga olish ishlari bilan bandmiz. Yosh rejissyor Malika Teshaboevaning "Begunoh" kartinasida bosh rollarning birini ijro etyapman. Bundan tashqari Kuvanish Reymbaev suratga olayotgan “Kokteyl”filmida ham hamkorlik qilyapmiz.

TUShKUNLIKKA TUShSAM...
Men avvalo tushkunlikka tushmaslikka harakat qilaman. Chunki har bir kunimiz g`animat. Uni xafagarchilikda, yomon kayfiyatda o`tkazmasligimiz kerak. Lekin har xil vaziyat bo`ladi. Agar kayfiyatimni tushiradigan vaziyat bo`lib qolsa, onajonim bilan gaplashishga harakat qilaman. Onalarning duosida gap ko`p.

SPORT
Sport bilan muntazam shug`ullanishimni ko`pchilik yaxshi biladi. Ammo buni hadeb takrorlayversam, o`qigan odamga erish tuyilishi, xuddi maqtanayotgandek bo`lib ko`rinishim mumkin. Inson sport bilan, atrofdagilar uchun emas, o`z sog`lig`ini o`ylab shug`ullanadi.

MO``JIZA
Bu borada juda ko`p gapirsa bo`ladi. Qisqacha aytsam, inson yaralishining o`zi bir mo``jiza-ku.

MISh-MIShLAR...
Ochig`i, gap-so`zlarga jiddiy qaramayman. Odamlar yo bekorchilikdan, bilib-bilmay, yoki ataylab mish-mish gaplarni tarqatishi mumkin. Shunday ekan, bunday gaplarga e`tibor bermaslikka harakat qilaman, boshqalarga ham shuni maslahat beraman. Men haqimda doim turli gap-so`zlar yuradi. Ularni izohlab, o`zimni oqlashim shart emas. Meni yaxshi taniganlar qandayligimni bilishadi.

YoLG`ON.
O`zim yolg`on gapirmayman. Shuning uchun ham aldaydiganlarni yoqtirmayman. Agar suhbatdoshim menga yolg`on gapirayotgan bo`lsa, uni tezda anglab olaman. Buni ko`zlaridan bilib olaman. Ammo o`sha odam bilan hech qachon urushib, janjallashmyaman. O`zim uchun xulosa qilaman, bo`ldi.

XAFA QILSAM...
Agar kimnidir bilib-bilmay ranjitib qo`ysam, o`sha zahoti kechirim so`rayman. Aks holda, “ko`nglini og`ritib qo`ydim” deb siqilib yuraman. Agar menda ayb bo`lmasa, vaziyatga qarayman. Agar mendan yoshi katta inson bo`lsa, har qanday holatda uzr so`rashdan uyalmayman. Kechirimli bo`lish insonning eng yaxshi fazilatlaridan biridir.

YoQTIRMAGAN SAVOL
Shaxsiy hayotimga tegishli bo`lgan savollarni yoqtirmayman. Ayniqsa, begona va hayotimga aloqasi bo`lmagan inson shunday savol bersa, jahlim chiqishi aniq. Chunki hayotim, oilam va o`zimni birovlar bilan muhokama qilishni yomon ko`raman.

KUMIR
Kumirlarim juda ko`p. Aktyorlardan, Al Pachino, Robert De Niro, Tom Xenks, Rassel Krou, Leonardo Di Kaprio, Uiil Smit va yana ko`plarning ijodini kuzatib, o`rganaman. Xonandalardan esa Maykl Jekson, Adel, Andrea Bachelli, Betxoven, Bax, Shestokovich, Chaykovskiy va boshka klassik va estrada ijodkorlarini qo`shiqlarini mazza qilib tinglayman.

SAYoHAT
Ko`pgina joylarga sayohatga borishni istayman. Asosiysi, yo`l olgan joyim tinch bo`lishi shart. Keyin tarixi, manzarasi, iqlimi ham menga to`g`ri kelishiga qarab, sayohatga chiqaman.

OILA
Oila mavzusida juda ko`p savollar berishadi. Ularga javob berishni yoqtirmasligimni aytim, lekin shunday bo`lsa-da, “Darakchi” uchun qisqacha to`xtalib o`taman: yana bir bor oila qurishim aniq. Faqat qachonligini o`zim ham bilmayman. Bir kun albatta, oqila, odobli, ozoda, itoatkor qiz uchrashiga ishonaman.

Aliya SULAYMANOVA
Просмотров (156)
Mне нравится 0

Всего комментариев: 0
avatar